Pensiya yoshini oshirish masalasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
Erkaklar uchun 63 yoshga, ayollarga esa 58 yoshga oshirish taklif qilinmoqda
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda pensiya yoshining minimal ko‘rsatkichini erkaklar uchun 63 yoshga, ayollarga esa 58 yoshga oshirish taklif qilinmoqda. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati rahbari Bahriddin Ziyatov Kursiv’ga ma’lum qildi.

«Bu hozircha taklif, aniq qaror emas. Ushbu taklifni bildirish jamg‘arma rejasida keltirilgan. Pensiya yoshini oshirish masalasi dastlab jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi», — dedi u bergan izohida.

Ma’lumot uchun hozirda amaldagi pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yosh (25 yillik staj), ayollar uchun esa 55 yosh (20 yillik staj) hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze bergan tavsiyalar haqida yozgandi.

«Pensiya islohoti o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilishi lozim. Hukumat bu borada allaqachon ish boshlagan. Biz ham texnik yordam ko‘rsatmoqdamiz», – dedi Gvenetadze.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pensiya to‘lovlari davlat xarajatlarining bir qismini tashkil qiladi, aholining o‘sishi esa bu islohotni tobora dolzarb qilmoqda.

«Pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biroq eng avvalo, bu borada konsepsiyani tasdiqlash kerak. Yakuniy qaror tanlangan yondashuvga bog‘liq bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qildi XVF vakolatxonasi rahbari.

Shuningdek