
O‘zbekiston sharoitida oilaviy va kichik biznes uchun Chevrolet Damas eng ixcham model sifatida qaraladi. Yanvar-iyul oylarida 49,6 ming dona Damas xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Damas va Chery Karry avtomobillari taqqoslanadi.
Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:
- Texnik xususiyatlarning taqqoslanishi
- Foydalanish qulayligi
- Narxlar solishtiruvi
- Texnik xususiyatlarining jadvali
Texnik xususiyatlarning taqqoslanishi
Chevrolet Damas va Chery Karry Q22L (Youyou) kichik tijorat minivenlari toifasiga kiradi. Har ikkisi ham O‘zbekiston bozorida faol ishlatiladigan modellar hisoblanadi. Ularning texnik ko‘rsatkichlari biroz farq qiladi.
Chevrolet Damas 0,8 litrli 3 silindrli dvigatelga ega bo‘lib, 38 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Maksimal momenti 63 Nm bo‘lib, 5 pog‘onali mexanik uzatma qutisi (RWD) bilan ta’minlangan. Salonida 7 o‘rin mavjud. Avtomobilning uzunligi taxminan 3840 mm, kengligi 1400 mm, balandligi esa 1920 mm. Yonilg‘i sarfi o‘rtacha 7–8 litrni tashkil qiladi. Yuk ko‘tarish sig‘imi 560 kilogrammgacha.

Chery Karry Q22L esa kattaroq dvigatelga ega: 1,2 litrli 4 silindrli motor bilan jihozlangan va u 67 ot kuchi (50 kVt) quvvat ishlab chiqaradi. Maksimal momenti 90 Nm bo‘lib, u ham 5 pog‘onali mexanik uzatma qutisi (RWD) bilan ishlaydi. Salonida 8 tadan 11 tagacha o‘rin mavjud. Avtomobil uzunligi taxminan 4430 mm, kengligi 1626 mm, balandligi esa 1930 mm. Yonilg‘i sarfi o‘rtacha 7 litr atrofida bo‘lib, yuk sig‘imi kattaroq — ko‘proq yo‘lovchi va yuk tashishga moslangan.
Foydalanish qulayligi

Chevrolet Damas — shahar ichida va tor ko‘chalarda foydalanish uchun juda qulay transport vositasi. Uning ixcham o‘lchamlari zich trafik va tor yo‘lakchalarda ham bemalol harakatlanish imkonini beradi. Damas O‘zbekistonda yillar davomida marshrutka, tez yordam mashinasi va yuk tashish vositasi sifatida keng qo‘llanib kelmoqda. U ishonchli mikroavtobus sifatida tanilgan. Biroq, uning dvigateli kuchsizroq va konditsioneri mavjud emas. Shu sababli issiq havoda yoki tog‘li hududlarda foydalanish ancha noqulaylik tug‘diradi.

Chery Karry esa hajman kattaroq bo‘lib, sig‘imi ham ko‘proq. Saloni keng va yo‘lovchi o‘rinlari soni ko‘proq bo‘lgani uchun uzoq safarlar yoki oilaviy foydalanish uchun qulayroq. Dvigatel quvvati yuqoriligi tufayli qishloq yo‘llarida yoki yuk ortilganda yaxshi tortish kuchini ta’minlaydi. Ushbu modelda konditsioner, ABS tizimi kabi zamonaviy qulayliklar mavjud bo‘lib, bu haydashni yanada osonlashtiradi. Ammo Karry o‘lchamlari kattaroq bo‘lgani uchun Damas kabi tor ko‘chalarda boshqarish qiyinroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonda bu brendning servis va ehtiyot qismlar tarmog‘i hali to‘liq shakllanmaganligi ham muhim kamchiliklardan biridir.
Narxlar solishtiruvi

Chevrolet Damas yangi holatda 93,1 million so‘m turadi. Uning arzonligi va xizmat ko‘rsatish xarajatlarining pastligi uni kichik biznes egalari orasida ommalashtirgan. Bozorda Damas uchun ehtiyot qismlar oson topiladi va ekspluatatsiya xarajatlari hamyonbop hisoblanadi.
Chery Karry esa Xitoy bozorida 34–46 ming yuan, ya’ni 80–90 million so‘m narx oralig‘ida taklif etilgan. Mazkur miniven hozircha O‘zbekistonda rasmiy sotuvga chiqarilmagan. Ammo import qilinsa, bojxona va logistika xarajatlari sabab narxi oshishi mumkin. Shunga qaramay, Karry’ning boshlang‘ich narxi Damasga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. U yuqori qulaylik va keng sig‘imi bilan iste’molchilar uchun qiziqarli alternativ bo‘lishi mumkin.
Texnik xususiyatlarining jadvali
Ko‘rsatkich | Chevrolet Damas | Chery Karry Q22L (Youyou) |
---|---|---|
Dvigatel hajmi | 0,8 L, 3 silindrli | 1,2 L, 4 silindrli |
Quvvat | 38 ot kuchi | ~67 ot kuchi (50 kVt) |
Maks. moment | 63 Nm | 90 Nm |
Uzatmalar qutisi | 5 bosqichli mexanik (RWD) | 5 bosqichli mexanik (RWD) |
O‘rindiqlar soni | 7 ta | 8–11 ta |
Uzunligi (mm) | ~3840 | ~4430 |
Kengligi (mm) | ~1400 | ~1626 |
Balandligi (mm) | ~1920 | ~1930 |
Yonilg‘i sarfi | ~7–8 L/100 km | ~7 L/100 km (taxminiy) |
Yuk sig‘imi | 560 kg gacha | Katta (ko‘proq yo‘lovchi va yuk) |
Har ikki model ham texnik imkoniatlari nuqtayi nazarida qulay bo‘lishi mumkin. Ammo modelning ommabopligi va mahalliy bozorda mashhurligi jihatidan Chevrolet Damas yetakchilik qiladi.
Esltib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas o‘rnini qaysi mashina egallashi mumkinligi haqida yozgan edi.