Avgust oyida aholining inflyatsion kutilmalari 0,7 foizga pasaydi

eʼlon qilindi
Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham 0,3 foizga pasaydi
Foto: Yandex Map

Shu yilning avgust oyida Oʻzbekiston aholisining inflyatsion kutilmalari oʻtgan oyga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 12,2 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Markaziy bank oʻtkazgan soʻrovnomaga koʻra shakllandi.

Aholining inflyatsion kutilmalari

Avgust oyida soʻrovnomada jami 3,5 mingdan ortiq respondentlar qatnashib, shundan 1,5 mingtasi tadbirkorlarni tashkil qildi.

Narxlarning oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar sifatida aholi kommunal xizmatlar, yonilgʻi va elektr energiyasi narxining koʻtarilishi, ish haqi va nafaqalarning hamda transport xarajatlarining oshishi ekanligini ta’kidlamoqda.

Eng yuqori inflyatsiya darajasi Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida kutilmoqda. Aholi taxminlariga ko‘ra, ushbu hududlarda narxlar yil davomida 13,5 – 14,4 foizga oshishi mumkin. Jizzax, Andijon va Namanganda inflyatsiya darajasi nisbatan past boʻlib, 10,9 – 11,2 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, oylik daromadi 20-30 mln so‘mgacha boʻlgan respondentlar inflyatsiya darajasini 14,4 foizgacha yetishini taxmin qilmoqda.

Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari

Tadbirkorlarning oʻrtacha inflyatsion kutilmalari oy davomida 0,3 foiz bandga pasayib, 11,8 foiz darajasida shakllangan. Ular ham inflyatsiyaning asosiy omillari sifatida kommunal xarajatlarning oshishi, yonilgʻi narxining koʻtarilishi, ish haqi va nafaqalarning hamda transport xarajatlarining oshishini qayd etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori kutilmalar Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri tadbirkorlari orasida kuzatilgan. Bu hududlarda inflyatsiya darajasi yil davomida 12,6 – 13,1 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Eng past koʻrsatkichlar esa Farg‘ona, Jizzax va Andijon viloyatlaridagi tadbirkorlar orasida (10,5 – 11%) qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyul oyida aholining inflyatsion kutilmalari 0,3 foizga pasaygani haqida yozgandi.

Shuningdek