
Chery kompaniyasining iCar V27 EREV avtomobili Xitoy sanoat va savdo vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model retro uslubdagi dizaynga ega bo‘lib, uzunligi 5 metrdan oshadi va taqdimotdan keyin iCar brendidagi eng yirik avtomobilga aylanadi. Sotuvlar joriy yilning to‘rtinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

Avtomobilning old qismi kvadrat shaklda ishlangan, dumaloq faralar, markazda iCAR logotipi va pastki qismida qalin qora bamper joylashgan. Yon tomonda esa C-ustun orqasida «V27» yozuvi modelning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi.
Modelning uzunligi 5055 (4909) mm, kengligi 1976 mm, balandligi 1855 – 1894 mmga teng. G‘ildirak bazasi 2910 mmni tashkil etadi. Disklar 19 va 21 dyuymli variantlarda taklif etiladi. Shinalar mos ravishda 255/55R19 va 265/45R21. Mashina sakkiz xil og‘irlik konfiguratsiyasida (2084 – 2335 kg) taqdim etiladi.

Orqa qismi ikki ko‘rinishda bo‘ladi: ehtiyot g‘ildirak yoki konteyner bilan. Shuningdek, tortish moslamasi ham ixtiyoriy qo‘shiladi.
1,5 litrli turbo benzinli dvigatel (115 kVt/154 ot kuchi) generator sifatida ishlaydi, unga elektromotor va LFP akkumulyator bloki ulanadi. Yonilg‘i sarfi WLTC siklida 1,33 l/100 km, maksimal tezligi esa 180 km/soat.

Batareya sig‘imi va elektr yurish masofasi keyinroq oshkor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Tiggo 8 Pro Luxury Edition+ taqdim etilgani haqida yozgan edi.