Uzum Market’da biznesni qanday boshlash mumkin: Sim Sim tajribasi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda onlayn savdo jadal rivojlanmoqda. O‘tgan uch yilda marketpleyslar soni 24 tadan 163 taga ko‘paydi. Bu jarayonda Uzum Market alohida o‘rin egallab kelmoqda. Bozorlarda savdo qilgan aksariyat tadbirkorlar endi o‘z mahsulotlarini raqamli maydonga olib chiqmoqda.
Kursiv Uzbekistan ushbu onlayn bozorda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Xamidullin Rinat bilan platformada savdoni qanday boshlash mumkinligi, nimalarga e’tibor berish kerakligi hamda platformaning afzal tomonlari haqida suhbatlashdi.
Rinat Xamidullin — Sim Sim, Sim Sim 2 va Knife Empire do‘konlari asoschisi. Deyarli 20 yil davomida Toshkentdagi Chinni bozorida faoliyat olib borgan. Bir yildan oshiq vaqt davomida esa o‘z biznesini Uzum Market’da rivojlantirmoqda.
Hammasi qiziqishdan boshlandi
Ilk savdomiz 2024-yilning iyul oyidan boshlangan. Uzoq vaqt davomida onlayn savdoga qiziqqanman, ammo uni amalda qo‘llash imkoniyati Uzum Market orqali paydo bo‘ldi. Birinchi savdo kichik bo‘lsa-da, men uchun katta motivatsiya berdi. Chunki mahsulotim onlayn xaridorga yoqqanini ko‘rish meni ruhlantirdi.
Oddiy bozordan farqli ravishda bu yerda xaridorlar soni ancha keng edi. Har kuni yangi mijozlar qo‘shilar, mahsulotlarimiz turli viloyatlarga yetib borardi. Bu esa biznesimiz geografiyasini kengaytirdi.
Savdo an’analari yangi bosqichda
Uzum Market’da savdoni boshlashdan avval, asosiy faoliyatim Toshkent shahridagi Chinni bozorida bo‘lgan. Qariyb 20 yilga yaqin vaqt davomida chinni idishlar savdosi bilan shug‘ullandim. Uzum Market’da ham xuddi shu segmentni tanladim, chunki bozorda tajribam bor va mijozlarning didi haqida tushunchaga egaman.

Uy-ro‘zg‘or buyumlariga talab doimiy bo‘lgani uchun bu soha xavfsizroq ko‘rindi. Ko‘plab an’anaviy mijozlar asta-sekin onlayn xaridlarga o‘tishayotganini payqadim. Bu esa meni yangi savdo usullarini sinab ko‘rishga undadi. Shu tariqa an’anaviy savdodan onlayn savdoga o‘tishga qaror qildim.
Mahsulotni yetkazib beruvchilarni to‘g‘ri tanlash muhim
Menga Xitoydan mahsulot yetkazib beruvchi hamkorlarning narxlari ichki bozordagilarga nisbatan ancha ma’qul kelgan. Shu bois Uzum Market’da savdo qilishga kirishishimda Xitoy mahsulotlari bilan ishlash katta yordam berdi. Eng muhimi, xitoylik yetkazib beruvchilar sotuvda o‘zini oqlamagan mahsulotlarni qaytarib olishga rozi bo‘lishdi. Bu esa yangi boshlagan tadbirkor uchun katta yengillik bo‘ladi. Bunday sharoitda risklar minimal darajaga tushadi. Agar mahsulot sotilmasa, zarar ko‘rish emas, balki uni qaytarib yuborish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Xaridor bozorda mahsulotni ushlab ko‘radi, onlayn bozorda esa yo‘q
Uzum Market’da eng katta qiyinchiliklardan biri mahsulot kartochkalarini yaratish bo‘ldi. Chunki onlayn savdoda mahsulotning taqdimoti asosiy rol o‘ynaydi. Sifatli suratga olish, infografika tayyorlash, batafsil tavsif yozish kerak. Bularning barchasi e’tibor va katta mehnat talab qiladi.

Dastlab suratlar sifatsiz chiqib, xaridorlarda ishonch uyg‘ota olmagan paytlar bo‘ldi. Infografika yaratish ham alohida bilim talab qildi. Har bir mahsulot kartochkasi ustida o‘tirib o‘ylash, tahrirlash, qayta ishlashga to‘g‘ri keldi. Bu jarayonlardan ham bosqichma-bosqich o‘tdik va bugungi kunda mahsulot kartochkalari men uchun biznesning eng muhim qismi hisoblanadi.
Uzum Market afzalliklari
Bu platforma, eng avvalo, keng mijozlar oqimini taqdim etdi. Marketpleysning afzalliklaridan birinchisi biz sotayotgan mahsulotni bir vaqtning o‘zida bir necha minglab insonlar ko‘ra oladi. Ikkinchi afzalligi — toifalar bo‘yicha cheklovlar yo‘q. Turli mahsulotlarni qo‘shish va sotish mumkin. Uchinchidan, savdo tunu kun davom etadi. Hatto tunda ham buyurtmalar kelishi meni hayratga solgan. To‘rtinchidan, mablag‘larni yechib olish juda tez amalga oshiriladi. Bu ham tadbirkor uchun qulaylik yaratadi. Shuningdek, Uzum Market orqali reklama qilish, mahsulotni keng targ‘ib etish imkoniyatlari ham katta.
Misol uchun, «Boost in TOP» xizmati yordamida hatto yangi sotuvchilarga ham reklama kompaniyalarini mustaqil sozlash va ishga tushirish imkoni beriladi. Platforma mahsulotni targ‘ib qilish uchun kerakli toifalar va qidiruv so‘zlarini tavsiya qiladi, morfologik jihatdan turlicha so‘z shakllarini tanlaydi va xatoliklarni avtomatik tuzatadi. Reklama samaradorligini sotuvchi shaxsiy kabinetida — sayt yoki Uzum Market mobil ilovasi orqali real vaqt rejimida kuzatishi mumkin.
Foyda yo‘lidagi qiyinchiliklar
Dastlabki uch oyda foyda ko‘ra olmadik, chunki xarajatlar daromaddan oshib ketdi. Ba’zida barchasini shu joyida qoldirib, an’anaviy biznesga qaytishni xohlagan paytlarim ham bo‘lgan. Ammo bu vaqt davomida har bir xatoni tahlil qildik va xulosalar chiqardik. Vaqt o‘tishi bilan savdo hajmi asta-sekin o‘sa boshladi.

Har oyda buyurtmalar soni ko‘paydi, tushum ham ortdi. Bu esa bizni sabr qilishga o‘rgatdi. Onlayn savdoda tezda katta foyda olish oson emas. Muhimi barqaror o‘sishni ta’minlashdir.
Xaridorlar bilan ishlash tajribasi
Biz uchun eng esda qolarli holatlar xaridorlarning muammolarini hal qilish jarayonlarida bo‘ldi. Masalan, biz tezda tovarni almashtirishni tashkil qilardik yoki yo‘lda buyum shikastlangan yoki singan hollarda yangisini jo‘natardik. Bunday holatlar bizni yanada mas’uliyatliroq qildi. Har bir mijoz biz uchun qadrli ekanini angladik. Xaridorlarning minnatdorchiligi esa bizni yanada kuchliroq ishlashga undadi. Ba’zi xaridorlar doimiy mijozimizga aylandi. Ularning ishonchini qozonish biz uchun eng katta yutuq.
Keng assortiment yuqori savdoni ta’minlaydi
Bizning asosiy strategiyamiz — assortimentni kengaytirish. Chunki xaridor tanlovi qanchalik keng bo‘lsa, sotuv ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Dastlab faqat 5 ta turdagi uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan cheklangan bo‘lsak, vaqt o‘tishi bilan boshqa turdagi idish-tovoqlarni ham qo‘sha boshladik. Bu esa yangi mijozlarni jalb qildi.
Dastlab ishni ikki kishi bo‘lib boshlaganmiz. Keyinchalik, qadoqlash bilan shug‘ullanadigan xodimga ehtiyoj sezdik va jamoani yana bir kishiga kengaytirdik. Hozirda Uzum Market’da yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rish bo‘yicha rejalarni tuzmoqdamiz.
Yangi ish boshlayotgan tadbirkorlarga ishni yarim yo‘lda tashlab qo‘ymaslikni tavsiya qilaman. Onlayn savdo sabr-toqat talab qiladi. Darhol katta foyda ko‘rilmasligi mumkin. Ammo sekin-asta o‘sish barqaror natija keltiradi. O‘ziga ishonch — eng muhim qurol. Bundan tashqari, bu sohaga qiziqish ham bo‘lishi kerak. Chunki faqat pul uchun qilingan ish ko‘p davom etmaydi. Agar sevimli ishingiz bilan shug‘ullansangiz, Uzum Market’da ishlash osonroq tuyuladi. Mening tajribam shuni ko‘rsatdiki, mehnat va ishonch bilan katta natijalarga erishish mumkin.