Toshkentda yangi ToshTech texnika universiteti ochiladi

Poytaxtda ToshTech texnika universiteti tashkil etadi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.
Yangi oliygoh akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil bo‘ladi. Ta’lim jarayoni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi: 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Davlat budjeti hisobidan 1 yillik tayyorlov kurslari ochiladi.
Keyingi bosqichda – 2026/2027-yildan bakalavriat dasturlari joriy etiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi bosqichlar ochilishi rejalashtirilgan.
Universitetda o‘qitish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida, davlat va xorijiy tillarda olib boriladi. Muhim jihati shundaki, 2029/2030-o‘quv yiligacha o‘qishga qabul qilingan barcha talabalar to‘liq davlat granti asosida ta’lim oladilar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TDTUda O‘zbekiston – Xitoy transport fakulteti yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.
O‘zbekistonda qancha OTM faoliyat yuritmoqda
O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili boshiga kelib faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 222 taga yetdi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 153 taga ko‘paygan bo‘lib, so‘nggi o‘n yilda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3,2 barobarga oshgan.
2015-yilda 69 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu raqam izchil ortib bordi. Xususan, 2018-yilda ularning soni 98 taga, 2022-yilda esa 191 taga yetdi. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 222 tani tashkil etdi.