
Toyota Auto Body kompaniyasi tomonidan yangi Land Cruiser GR Sport Rally Raid Edition avtomobili taqdim etildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Ushbu versiya «Dakar» rallisida Land Cruiser jamoasining ketma-ket 12-marta g‘alaba qozonganini nishonlash uchun yaratilgan. Yangi model 18 dyuymli Enkei PDT1 disklar, off-road uchun Toyo Open Country shinalari, qizil rangdagi tormoz supportlari va tortib olish ilgaklari bilan jihozlangan. Ular avtomobilga yanada sportona ko‘rinish beradi.

Model 3,3 litrli V6 dizel dvigatelga ega bo‘lib, ikki turbina yordamida 304 ot kuchi va 700 Nm moment ishlab chiqaradi. Quvvat barcha g‘ildiraklarga 10 pog‘onali avtomatik uzatma orqali yetkaziladi. Shuningdek, old va orqa differensiallar elektron boshqaruv bilan ishlaydi.

Toyota atigi 12 dona Land Cruiser Rally Raid Edition ishlab chiqaradi. Shuningdek, mavjud GR Sport egalari uchun 12 ta maxsus tuning to‘plami ham taklif etiladi. Maxsus versiya narxi $63 500, to‘liq aksessuar paketi esa $10 200 ga baholangan. Taqqoslash uchun, oddiy Land Cruiser 300 GR Sport Yaponiyada $55 100 turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toyota bZ4X elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.