
Sony kompaniyasi tomonidan yangi Sony Xperia 10 VII smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Yangi model old avlodga qaraganda ancha kuchli xususiyatlarga ega bo‘lgan. Google Pixel uslubidagi kamera moduli, 50 megapikselli asosiy kamera, 120 Hz OLED displey va Snapdragon 6 Gen 3 protsessoriga ega.
Xperia 10 VII 6,1 dyuymli OLED displey bilan jihozlangan bo‘lib, Full HD+ aniqlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada 8 GB tezkor xotira va 128 GB ichki xotira mavjud, uni microSD karta orqali 2 TB gacha kengaytirish mumkin.

Smartfon 5000 mA/soatli akkumulyator bilan ishlaydi, ikki kungacha batareya muddati va PD tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kamera tizimi uchta datchikdan iborat. 50 MP asosiy modul (2x optik zum funksiyasi bilan), 13 MP ultra-keng kamera va 8 MP old kameraga ega. Smartfon Android 15 tizimida ishlaydi, ishlab chiqaruvchi 4 yil OS yangilanishlari va 6 yil xavfsizlik yangilanishlarini kafolatlamoqda.

Model ultratovushli barmoq izi skaneri, old tomonida stereodinamiklar, 3,5 mm audio, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.4, NFC va USB-C port kabi qo‘shimcha imkoniyatlarga ega. Qurilma IPX5/IPX8 suvga chidamlilik va IP6X changdan himoya standartlariga ega.
Xperia 10 VII oq, ko‘k-yashil va qora ranglarda taklif etiladi. Yevropa bozorida narxi 449 yevro ($525) etib belgilangan. Hozircha boshqa bozorlar haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Motorola Edge 60 Neo smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.