IMEI-kod bo‘yicha muammolar haqidagi Senat so‘roviga Sherzod Shermatov javob berdi

8-iyul kuni Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga IMEI-kod orqali qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibida yuzaga kelgan muammolar yuzasidan chora ko‘rishni so‘rab so‘rov yuborgandi.
Senat vazirlikdan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan uzimei.uz va my.gov.uz platformalari hamda «Birda» mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish zaruriyati yuzasidan asosli tushuntirish berish, shuningdek, UZIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha so‘ragan.
Ammo mazkur so‘rov bo‘yicha vazirlik bayonotida umumiy ma’lumotlar keltirilgan. Senat so‘rovlariga esa quyidagilar javob tariqasida taqdim etilgan:
- Jismoniy shaxslar tomonidan deklaratsiya to‘ldirmagan holda mobil qurilmalarni olib kirishda qo‘shimcha to‘lovlar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish uchun to‘lov hisobiga emas, balki qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilishi hisobiga vujudga kelmoqda.
- uzimei.uz, my.gov.uz saytlari hamda «Birda» mobil ilovasi orqali mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda vujudga keladigan texnik muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilgan holda ularning barqaror ishlashi uchun barcha zarur choralar ko‘rib kelinmoqda.
- Qonunchilik hujjatlariga muvofiq mobil qurilmalarning barcha IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilishi zarur.
- Kelgusida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimini yanada takomillashtirish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishdagi mavjud byurokratik talablarni yanada yumshatish yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, ularni tizimli ravishda davom ettirish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan senator issiqxonalar muammosi bo‘yicha vazirga rasmiy so‘rov yuborgani haqida yozgandi.