
Changan kompaniyasining Deepal brendi yangi Deepal S07 krossoverini 17-sentabr kuni bozorga chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model uchun oldindan buyurtmalar allaqachon boshlangan bo‘lib, narxlar 156 900 – 173 900 yuan ($21 800 – $24 200) oralig‘ida. Biroq mutaxassislar taqdimot narxi 145 000 yuandan ($20 ming) past bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Avtomobil tashqi dizaynida ikki rangli kuzov, qora eshik tutqichlari, yon yubka va oynalardagi aksentlar, orqa spoyler hamda uzun LED fonarlar bilan ajralib turadi. Modelning o‘lchamlari: 4750×1930×1625 mm, g‘ildirak bazasi esa 2900 mm. Old oynalari ikki qavatli shovqinga qarshi, orqa oynalari esa maxfiy oynalar bilan jihozlangan.
Salon markazida 15,6 dyuymli 2,5K displey, 55 dyuymli AR-HUD tizimi joylashgan. Boshqaruv tizimi Qualcomm Snapdragon 8295P chipi asosida ishlaydi. Orqa o‘rindiqlarda 4,2 dyuymli yordamchi ekran, umumiy hisobda esa 20 ta karnayli Dolby audiosistemi mavjud.

Eng katta yangilik avtomobilning Huawei Qiankun ADS SE tizimi bilan jihozlanishi. U quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Avtomagistral va shahar yo‘llarida aqlli boshqaruv, to‘siqlardan qochish, tezlikni moslashtirish va burilishlarda;
- Shahar sharoitida yo‘l bo‘ylab yurishni kuzatish, svetofor nazorati va avtomatik bo‘linma almashtirishda;
- 160 dan ortiq turli parkovka ssenariylari, jumladan tashqaridan boshqariladigan va xotiraga yozilgan parkovka rejimlari.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Changan Nevo A06 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.