Slovakiya korxonasi Xorazmda 170 million dollarlik bioyoqilg‘i zavodini quradi

eʼlon qilindi
Davlat rahbariga Xorazm viloyatidagi yangi rejalar yuzasidan axborot berildi
Slovakiya korxonasi Xorazmda 170 million dollarlik bioyoqilg‘i zavodini quradi. Foto: prezident matbuot xizmati

Slovakiya korxonasi Xorazmda 170 million dollarlik bioyoqilg‘i zavodini quradi. Davlat rahbariga Xorazm viloyatidagi islohotlar natijadorligi va yangi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, hududga sakkiz yil davomida $2 milliard investitsiya kiritilib, 25 mingdan ortiq korxona ishga tushirilgan va ishlab chiqarish hajmi 2,2 baravarga oshgan. Viloyatda infratuzilma ham kengayib, 660 ta ko‘p qavatli uy qurilgan, 21 ming oila uyli bo‘lgan, 580 ming aholiga markazlashgan ichimlik suvi yetib borgan. Shu davrda kambag‘allik darajasi 12 foizdan 6,8 foizga tushib, eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etildi.

Bundan tashqari, taqdimotda yangi loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Bunda Avstraliya kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida $820 millionlik ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va «yashil dizel» ishlab chiqarish taklifi bildirilgan. Bu loyiha doirasida 5,5 ming gektarda to‘rt gigavatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatiladi.

Shuningdek, Slovakiya korxonasi esa $170 million investitsiya kiritib, Tuproqqal’adagi besh ming gektarda raps yetishtirish va bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi barpo etishni mo‘ljallagan. Janubiy Koreya investorlari $100 millionlik investitsiya hisobiga chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Umuman, Xorazm viloyatida $2,4 milliardlik yangi loyihalar tayyorlangan. Davlat rahbari investorlarga qulaylik yaratish, loyihalarni jadallashtirish va sanoat zonalaridan to‘liq foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida iqtisodiy rivojlanish, yangi loyihalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi

Shuningdek