Lumex protsessorlari taqdim etildi

Arm kompaniyasi yangi Lumex protsessorlarini taqdim etdi. Bu haqda Techradar xabar bermoqda. Ular mobil qurilmalarda sun’iy intellekt vazifalarini tezkor bajarishga mo‘ljallangan.
Lumex arxitekturasi to‘rtta variantdan iborat. C1-Nano — energiya tejamkor, C1-Ultra — flagman smartfonlar uchun kuchli, C1-Premium — ko‘p vazifa uchun, C1-Pro esa video ishlashga moslashtirilgan.
Protsessorlar Armv9.3 arxitekturasiga asoslangan. Ularga kiritilgan SME2 bloklari hisoblashlarni tezlashtiradi. Arm ma’lumotiga ko‘ra, Lumex avvalgi avloddan 5 barobar samaraliroq va 3 barobar tejamkorroq. Standart testlar 30% umumiy tezlashuv, 15% ilovalar ishlashida o‘sish va 12% quvvat tejalishini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, Lumex Android 16 bilan mos keluvchi dasturiy to‘plam, KleidiAI kutubxonalari va telemetriya vositalari bilan chiqdi. Bu ishlab chiquvchilarga ilovalarni yangi arxitekturaga optimallashtirish imkonini beradi.
Arm shuningdek yangi Mali G1-Ultra grafik protsessorini taqdim etdi. U sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish vazifalarida 20% tezroq, o‘yinlarda esa nur izlash texnologiyasini ikki barobar yaxshiroq bajaradi. Bundan tashqari, Mali G1-Premium va Mali G1-Pro variantlari ham taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 20 dollarlik tugmali Nokia telefonlari taqdim etilgani haqida yozgan edi.