Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish jarayoni bo‘yicha vazirlik izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash jarayonidagi kechikishlar haqidagi maqolaga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy izoh berdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi xabar berdi.
Unga ko‘ra, talabalar yotoqxonasi uchun 1-avgustdan o‘quv yili yakunigacha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirish imkoni bor.
Shuningdek, 2025-yil 12-sentabr holatiga qadar 2025/2026-o‘quv yili 1-bosqichiga tavsiya etilganlardan jami 63,8 mingta ariza kelib tushgan. Shundan 40,3 ming nafar talaba uchun yo‘llanmalar avtomatik tarzda shakllantirilgan, yana 21,8 ming nafar talabani arizasi navbatda turibdi. Ularning 15,8 ming nafari kunduzgi ta’lim shaklida, 5,5 ming nafari esa oliy ta’lim muassasasi hududida doimiy yashovchi talabalar hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, arizalarning «jarayonda» statusida turishi kechikish emas, balki reglament asosida navbat shakllantirilayotganidan dalolat beradi. Jarayon quyidagi tartibda amalga oshirilmoqda: agar yotoqxonada bo‘sh o‘rin bo‘lsa, yo‘llanma avtomatik beriladi, bo‘sh joy bo‘lmasa — talaba navbatga qo‘yiladi va bu haqda xabardor qilinadi. O‘rin bo‘shaganida esa navbatdagi talabaga avtomatik tarzda joy belgilanadi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, jarayon bosqichma-bosqich olib borilmoqda va barcha talabalar reglament asosida yotoqxona joylari bilan ta’minlanadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri yil boshidan buyon O‘zbekistonga 11 mingga yaqin xorijlik talaba o‘qish maqsadida kelgani haqida yozgandi.