MDH mamlakatlarida ishsizlik: O‘zbekistonda ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarida ishsizlik darajasi turlicha bo‘lib, ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich qisqarayotgan bo‘lsa, boshqalarida hanuz yuqori darajada qolmoqda, deb xabar bermoqda Abc.az.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda MDH bo‘yicha eng ko‘p ishsiz Rossiyada qayd etilgan — 1,915 mln kishi. 2010-yilda bu ko‘rsatkich 5,5 mln edi, so‘nggi 14 yil ichida ishsizlar soni qariyb 3,6 mln kishiga kamaygan.
Rossiyadan keyingi eng katta ko‘rsatkich O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. 2020-yilda mamlakatda ishsizlar soni 1,56 mln kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 836,4 ming kishigacha qisqardi. Shunga qaramay, bu MDH hududida Rossiyadan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.
Rossiya aholisi 146 milliondan ortiq bo‘lib, MDH hududidagi eng yirik demografik markaz hisoblanadi. Shu sababli, ishsizlar soni mutlaq ko‘rsatkichda yuqori bo‘lsa-da, aholining umumiy soniga nisbatan katta ulushni tashkil qilmaydi.
O‘zbekistonda esa 38 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. 836,4 ming ishsiz raqami mamlakat mehnat bozorida sezilarli ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda band aholining 55 foizi rasmiy ishda faoliyat yuritayotgani haqida xabar bergan edi.