Xorijiy til sertifikatlari endi maktab imtihonlarida ham tan olinadi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda xalqaro sertifikatga ega yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalasi ko‘tarildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilarining xalqaro sertifikatlari soni yildan-yilga ortib bormoqda. 2016-yilgacha atigi 2 ming nafar o‘quvchi bunday hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘tgan yili faqat xorijiy tillar yo‘nalishida 150 ming nafar yosh sertifikat olgan.
Endilikda xalqaro sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham rasmiy tan olinishi belgilandi.
«Bugungi tadbirimizda o‘zi yosh bo‘lishiga qaramasdan, yuzlab o‘g‘il-qizlarimizni yuqori marralarga yetaklayotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashyapti. Billura qizimiz top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirib, katta-katta idoralardan bo‘lgan takliflarni rad etib, Romitanning eng chekka qishlog‘idagi maktabda ingliz tilidan dars bermoqda.
Yoki Oksford universiteti doktoranti Nodira Nabieva eshitish qobiliyatini yo‘qotgan o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha innovatsion metodika yaratdi. Germaniya va AQShdagi oliygohlarning professor-o‘qituvchilari bu metodikadan foydalanayotgani bizni quvontiradi.
Eng katta niyatim, maqsadim – ta’lim va yana bir bor ta’limga e’tibor berib, bunday iste’dodli va fidoyi yosh o‘qituvchilarimiz safini kengaytirish. Buning uchun har qanday sharoitlarni yaratib berishga tayyorman», dedi prezident.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliqdagi «Renessans» oromgohi faoliyati bilan tanishgani haqida yozgandi.