Ilon Mask Tesla’ning $1 milliardlik aksiyalarini sotib oldi

eʼlon qilindi
Natijada Tesla aksiyalari premarket savdolarida sakkiz foizga oshdi
Ilon Mask Tesla’ning $1 milliardlik aksiyalarini sotib oldi / Foto: Vm.ru

Ilon Mask Tesla kompaniyasiga tegishli $1 mlrdlik aksiyalarni xarid qildi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, investorlar bu xaridni kompaniyaga ishonch ramzi sifatida baholashdi. Natijada Tesla aksiyalari premarket savdolarida sakkiz foizga ko‘tarildi.

So‘nggi yilda Tesla aksiyalari barqaror harakat ko‘rsatmayapti. Avvaliga saylovlardan keyin keskin ko‘tarilgan bo‘lsa, keyinchalik pasaydi. Bunga siyosiy bosim, Xitoyda raqobatning kuchayishi va AQShda elektromobil xaridorlari uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay, Tesla aksiyalari yil boshidagi eng past darajadan tiklana boshladi. Mutaxassislarning fikricha, kompaniyaning kelajagi avtopilot va robotaksi texnologiyalariga bog‘liq. Maskning aksiyalarni xarid qilishi ham uning Tesla’da qolish niyatini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan hafta Tesla Mask uchun yangi to‘lov paketini taklif qildi. Kompaniya belgilangan natijalarga erishsa, Maskning ulushi $1 trlnga yetishi mumkin. Hozirda u kompaniyaning 12,8 foiz aksiyalariga egalik qiladi. Mask kamida 25 foizlik nazorat paketiga ega bo‘lishni istayotganini bildirgan.

So‘nggi yillarda Tesla va boshqa kompaniyalardagi ulushlari Maskni dunyoning eng boy odami qildi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi hozirda $419 mlrdga baholanmoqda. Maskning yangi xaridi kompaniyaga ishonch ishorasi, bozor uchun esa muhim signal sifatida qaralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX EchoStar’dan $17 milliardlik spektr sotib olgan edi.

Shuningdek