O‘zbekistonga tegishli kompaniya Afg‘onistonda gaz koni ishlarini boshladi

Tolibon Afg‘onistonning shimoliy hududida joylashgan Tuti Maydon gaz konlarini o‘rganish va qazib olish loyihasini ishga tushirdi. 10 yilga mo‘ljallangan loyiha o‘zbek kompaniyasi Eriellcomga topshirilgan, deya xabar bermoqda Amu TV.
Rejaga ko‘ra, dastlabki yilda $100 mln investitsiya kiritilishi belgilangan. Ilk ikki yil ichida qazib olinadigan gazdan 100 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Konlar qariyb 7 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi.
Tolibonning iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar loyiha ichki bozor ehtiyojini qondirishini, importga qaramlikni kamaytirishini va kelgusida eksport imkonini yaratishini ta’kidladi.
Biroq mutaxassislar eksport uchun zarur infratuzilma — quvurlar va elektr stansiyalari hali yetarli emasligini qayd etmoqda. Shuningdek, qazilma boyliklardan olinadigan daromad bo‘yicha aniq ma’lumot berilmagani tanqid qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Tolibon o‘rtasida Kobulda muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.