Namanganda 140 mln dollarlik yangi aeroport terminali keyingi yil ishga tushiriladi

Namangan aeroportida $140 mlnlik investitsiya hisobiga yangi yo‘lovchi terminali barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, hudud rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.

Mavjud aeroport turistlar oqimini qabul qilishda kichiklik qilayotgani bois, 3 qavatli yangi terminal qurilmoqda. U ishga tushgach, yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 baravar oshadi. Zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi hamda Duty free do‘konlari yo‘lovchilar xizmatiga taqdim etiladi.

Shu bilan birga, aeroportda kuniga 50 tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega yirik kargo terminali ham qurilmoqda. U orqali 90 ta mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport yo‘lga qo‘yilib, vodiyning yagona kargo tizimi shakllanadi. Bu esa biznes, eksport va tranzit salohiyatini oshiradi. Joriy yilda Namanganga 1,5 mln xorijiy va 2 mln dan ortiq mahalliy sayyohni jalb qilish, xizmatlar eksportini esa $210 mingga yetkazish rejalashtirilgan.

Aeroport uchun maxsus servis texnikalari ham yangilanmoqda. Bu turli toifadagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xizmat binolari quriladi. Yangi terminal kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumda qatnashishi haqida yozgan edi.