
FIFA o‘zining rasmiy saytida milliy terma jamoalar o‘yinlari uchun qo‘yilgan sentabr va oktabr oyidagi tanaffusni birlashtirganini ma’lum qildi. Yangi tartib 2026-yilning kuzidan kuchga kiradi.
Endilikda kuzgi FIFA kunlari 21-sentabrdan 6-oktabrgacha davom etadi. Bu davrda terma jamoalar avvalgidek to‘rt o‘yin o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. FIFA ushbu qaror futbolchilarda jarohatlar sonini kamaytirishi hamda ularning ortiqcha safarlarini qisqartirishiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, avvalgi tizimda FIFA taqvimida alohida ikki «oyna» bo‘lardi:
Sentabr — odatda 4–12-sentabr oralig‘ida o‘tkazilardi.
Oktabr — odatda 7–15-oktabr kunlariga belgilangan bo‘lardi.
Ya’ni yilning kuz faslida klublar o‘z futbolchilarini ikki marta terma jamoa yig‘inlariga jo‘natishga majbur bo‘lardi. Har ikkala oynada ham jamoalar ko‘pi bilan ikkitadan o‘yin o‘tkazish huquqiga ega edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov WhoScored talqiniga ko‘ra APLning hafta ramziy terma jamoasida joy olgani haqida xabar berilgandi.