Namangandagi «Taraqqiyot» sanoat va servis zonasida yiliga 500 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida barpo etilgan «Taraqqiyot» sanoat va servis zonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Namanganda bugungi kunda 1,5 ming gektar maydonda 73 ta sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Shu tajribaning yaqqol namunasi Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasidagi«Taraqqiyot» sanoat va servis zonasida ham ko‘rinmoqda.

«G‘ijduvon tajribasi» asosida 10 gektarda tashkil etilgan bu joyda 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning samarali ishlashi uchun davlat budjeti hisobidan elektr, ichimlik suvi, kanalizatsiya va ichki yo‘llar qurib berilgan.
Natijada yiliga 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati yaratildi, 4,8 mingta yangi ish o‘rni ochildi. Yondosh mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etildi, 350 dan ortiq xonadonda kooperatsiya asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
«Mamlakatimizda yangi-yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Odamlarning daromadi oshib, mashinalar ko‘payyapti. Lekin servis bo‘yicha hali imkoniyat ko‘p. Masalan, chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini ta’minlash mumkin», dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari mebel ishlab chiqaruvchilarning ko‘rgazmasi bilan ham tanishib, mahalliy sanoatni rivojlantirish, yoshlarni kasb-hunar o‘rganishga jalb etish va ularni ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Namangandagi «Megaton» korxonasi faoliyati bilan tanishgani haqida yozgandi.