Erdo‘g‘on Qatardagi sammitda Islom dunyosini Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi

eʼlon qilindi
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on / Foto: Reuters

Qatarda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma sammitida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mintaqadagi beqarorlikda Isroilning harakatlarini aybladi.

Erdo‘g‘onning ta’kidlashicha, ba’zi davlatlarning Falastinni tan olish tashabbusi ijobiy qadam sanalsa-da, u sanksiyalar bilan mustahkamlanmasa, samarasiz bo‘lib qoladi.

«Isroil faqat kuchli reaksiya va sanksiyalar orqali to‘xtatilishi mumkin. Aks holda u bosqinchilik va beqarorlik siyosatini yanada kuchaytiradi», — dedi Turkiya rahbari.

Prezidentga ko‘ra, Islom dunyosi Isroilga qarshi choralarni kuchaytirishi, diplomatik harakatlarni jadallashtirishi va xalqaro huquq mexanizmlari orqali uni sud oldida javobgarlikka tortishi zarur.

Shuningdek, Erdo‘g‘on iqtisodiy bosimning ahamiyatini ham qayd etdi. U Turkiyaning, ayniqsa, mudofaa sanoatida o‘zini ta’minlash yo‘lida olib borgan islohotlarini misol qilib keltirdi va tajriba bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.

«Biz bir yarim yil oldin Isroil bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatdik va yillik $9,5 milliarddan voz kechdik», — dedi Erdo‘g‘on.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Isroil tomonidan Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoralagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek