Ikki yil ichida Namangandagi barcha nasos stansiyalari yangilanadi

Davlat rahbari ikki yil ichida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Chortoq tumanidagi «Ayqiron-1» nasos stansiyasida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari bilan tanishdi. Avval bu inshoot orqali 815 gektar yer sug‘orilar, ammo eskirgan agregatlar sabab samaradorlik past bo‘lib, yiliga olti million kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanardi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar tomonidan yangi, energiya tejamkor uskunalar o‘rnatildi. Natijada elektr sarfi 40 foizgacha kamaydi, suv chiqarish quvvati oshdi va hosildorlikni yaxshilash imkoniyati yaratildi.




Hozirda viloyatda 200 dan ortiq nasos stansiyalari mavjud. Ulardan 43 tasi «Nammotors suv ta’minot» korxonasiga 10 yil muddatga boshqaruvga berilgan va 40 milliard so‘mlik investitsiya yo‘naltirilgan. O‘rnatilayotgan nasoslar mahalliy ishlab chiqarilgan.
Davlat rahbari «Ayqiron-1» tajribasi asosida ikki yil ichida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, keyinchalik bu tajribani mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, mutasaddilar kelgusida fermer xo‘jaliklariga quyosh panellari bilan ishlaydigan kichik nasoslar va tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan tumanida barpo etilgan «Taraqqiyot» sanoat va servis zonasi faoliyati bilan tanishgandi. «G‘ijduvon tajribasi» asosida 10 gektarda tashkil etilgan bu joyda 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning samarali ishlashi uchun Davlat budjeti hisobidan elektr, ichimlik suvi, kanalizatsiya va ichki yo‘llar qurib berilgan.