Oʻzbekiston Global innovatsiya indeksida 79-oʻrinni egalladi

Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Global innovatsiya indeksi (GII) 2025-yilgi reytingida Oʻzbekiston 139 ta mamlakat ichida 79-oʻrindan joy oldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromadli davlatlar orasida 7-oʻrinni (2024-yilda 10-oʻrin), Markaziy va Janubiy Osiyoda esa Hindiston va Erondan keyin 3-oʻrinni egalladi. «Inson kapitali va ilmiy tadqiqotlar», «bozor rivojlanishi» hamda «bilim va texnologiya mahsulotlari» yoʻnalishlarida Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasini ancha yaxshiladi.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan biri — Uzum kompaniyasining birinchi yunikorn sifatida xalqaro roʻyxatga kiritilishi va oliy ta’lim muassasalari reytingidagi yutuqlar GII natijalariga ijobiy ta’sir koʻrsatganidir.
Shuningdek, yuqori texnologiyali mahsulotlar importi, taʼlim xarajatlari, intellektual mulkdan tushumlar kabi koʻplab indikatorlarda ijobiy oʻsish qayd etildi.
«Oʻzbekiston – 2030» strategiyasiga koʻra, mamlakat 2030-yilgacha ushbu reytingda TOP – 50 talikka kirishni maqsad qilgan. Shu yoʻnalishda chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 72-o‘ringa ko‘tarilgan edi.