Yoshlar bandligi masalasi bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi

Qonunchilik palatasi majlisida Yoshlar ishlari agentligiga parlament so‘rovi yuborildi. Unda yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga oid ishlar muhokama qilindi.
Deputatlar ta’kidlaganidek, globallashuv va texnologiyalar rivoji yoshlar uchun zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni egallashni taqozo etmoqda. Shu bois, mazkur sohada hali ham muammolar mavjud.
Xususan, «Besh tashabbus olimpiadasi»ning mahallalardagi targ‘iboti va qamrovi yetarli emasligi, «Yoshlar bandligi dasturi» imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani hamda «Yoshlar daftari» mablag‘larining o‘z vaqtida yetkazilmasligi qayd etildi.
Shuningdek, yosh fermerlarga ajratilgan yer maydonlari haqidagi ma’lumotlar amaldagi holat bilan mos kelmasligi aniqlangan. Shu asosda yoshlarning bandligi, kasb-hunarga yo‘naltirish, mahalliy hokimiyat va xususiy sektor bilan hamkorlik masalalari parlament so‘roviga kiritildi.
Majlis yakunida parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qaror ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgan edi.