Google’ning Gemini ilovasi ChatGPT’ni ortda qoldirdi

Google’ning Gemini ilovasi Apple’ning App Store reytingida birinchi o‘rinni egallab, ChatGPT’ni ortda qoldirdi. Bu haqda CNBC nashri ma’lum qildi.
Ilovaga qo‘shilgan Nano Banana funksiyasi foydalanuvchilarga suratlarni birlashtirib, raqamli avatarlar yaratish imkonini berdi.
Bir haftada Gemini 13 mln yangi foydalanuvchi jalb qildi va umumiy yuklangan suratlar soni 500 mlndan oshdi. Iyul holatiga ko‘ra, ilovaning oylik faol foydalanuvchilari 450 mlndan ortiq. Katta talab tufayli joriy haftada xizmatdan foydalanishga vaqtinchalik cheklovlar ham qo‘yildi.
Alphabet’ning muvaffaqiyati investorlar tomonidan ijobiy kutib olindi. 15-sentabr kuni kompaniya kapitalizatsiyasi $3 trlndan oshib, Nvidia, Microsoft va Apple qatoridan joy oldi. Shuningdek, bu oy boshida antimonopoliya ishi bo‘yicha chiqarilgan qaror Google’ga o‘zining Chrome brauzerini saqlab qolish imkonini berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Albaniyada davlat xaridlarini boshqarish uchun Diella nomli sun’iy intellekt bot vazir sifatida joriy qilingani haqida xabar bergan edik.