Namanganda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi boshlandi

eʼlon qilindi
Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev bugun 17-sentabr kuni Namangan shahrida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumining ochilishida qatnashmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar va qariyb 200 nafar ekspert ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari forum qatnashchilarini samimiy qutlab, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiyaning JICA agentligi vitse-prezidenti Sachiko Imoto, BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva hamda boshqa mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.

Prezident bugungi davrni insoniyat uchun keskin va murakkab sinovlar davri ekanini ta’kidladi. Geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik kuchayib borayotgani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi hamda pandemiyalar tufayli global muammolar chuqurlashayotgani qayd etildi.

«Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar va dunyo hamjamiyati oldiga dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda hamda ularga yechim topish uchun tezkor qarorlarni talab qilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident kambag‘allikni baholash bo‘yicha aniq mezon va metodologiya yo‘q bo‘lganini, Jahon banki va BMT institutlari bilan hamkorlikda milliy mezonlar ishlab chiqilganini qayd etdi.

Yangilangan Konstitutsiyada pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatidan kam bo‘lmasligi qat’iy belgilandi.

Natijada izchil islohotlar orqali 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi, 2024-yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushdi. Davlatimiz rahbari yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 6 foizga qadar kamaytirish rejalashtirilganini bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Namangandagi «Megaton» korxonasi faoliyati bilan tanishgani haqida yozgandi.

Shuningdek