Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalarini taqdim etishni kechiktirdi

eʼlon qilindi
May oyida Yevrokomissiya Rossiya nefti va gazidan 2027-yil oxirigacha butunlay voz kechish strategiyasini e’lon qilgan edi
Yevrokomissiya
Rossiyaga qarshi 19-paket sanksiyalari nega e’lon qilinmadi / Foto: Wired

Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketini hozircha e’lon qilmadi. Bryussel bu qarorni choralarni yanada qat’iylashtirish zaruriyati bilan izohladi.

Avvaliga paket 17-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari doimiy vakillariga taqdim etilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Yevrokomissiya rasmiy vakillari aniq sana belgilanmaganini aytib, kechikish haqida gapirish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, muhokamalar davom etmoqda va hujjat to‘liq tayyor bo‘lganda taqdim etiladi.

«Men hali yangi paketni ko‘rmadim. Avval uni bugun e’lon qilishmoqchi edi, endi esa keyinroq taqdim etiladigan bo‘ldi», degan Vengriya Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Yanos Boka jurnalistlarga.

Polsha Yevropa ishlari vaziri Ignasiy Nemchitskiy kechikishni paketni yanada kuchaytirish istagi bilan bog‘lagan. Unga ko‘ra, yangi sanksiyalar uchinchi davlatlar orqali olib boriladigan savdoga va energetika sektoriga qarshi choralarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Ba’zi Yevropa nashrlari kechikishni AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa Ittifoqidan Rossiya energiya resurslaridan butunlay voz kechish haqidagi talablariga bog‘lamoqda. mutaxassislarning fikricha, Bryussel bu masaladan Slovakiya va Vengriyaga bosim o‘tkazishda foydalanmoqda. Ikkala mamlakat ham Rossiya nefti va gazidan voz kechishga qat’iy qarshi chiqmoqda.

Vengriya vakili Boka AQShning Slovakiya va Vengriya vaziyatini yaxshi tushunishini qayd etgan. Uning fikricha, bu ikki davlatning iqtisodiy o‘rni kichik bo‘lgani uchun Rossiyaning harbiy iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashda ularning ta’siri minimal. Shuningdek, Budapeshtga muqobil energiya manbalari bo‘yicha real takliflar berilmaganini bildirgan.

May oyida Yevrokomissiya Rossiya nefti va gazidan 2027-yil oxirigacha butunlay voz kechish strategiyasini e’lon qilgan edi. Hozirda Rossiya nefti Yevropa Ittifoqiga faqat Slovakiya va Vengriyaga quvur orqali yetkazib berilmoqda, qolgan davlatlarda esa embargo amal qiladi. G7 doirasida neftga narx chegarasi ham joriy etilgan. Rossiya gazi ulushi esa 2022-yildagi 50 foizdan 2025-yilga kelib 13 foizgacha tushgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQSh G7 va Yevropa Ittifoqini Rossiya neftini xarid qilayotgan Xitoy va Hindistonga tariflar joriy etishga chaqirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek