OChL-2. «Andijon» jiddiy raqibga qarshi o‘yin bilan turnirdagi yurishini boshlaydi

17-sentabr 2025 12:42 eʼlon qilindi

Nasrullo Karimov

Nasrullo Karimov

Muxbir
Foto: O‘zPFL

17-sentabr kuni «Andijon» klubi Osiyo Chempionlar ligasi-2 turniridagi yurishini boshlaydi. «Burgutlar» dastlabki turni Turkmanistonning «Arkadag‘» klubiga qarshi o‘tkazadi.

«Arkadag‘» ikki karra Turkmaniston chempioni, ikki karra mamlakat kubogi sohibi hisoblanadi. Jamoa o‘tgan mavsum o‘z tarixida ilk bor OFK Chaqiruv ligasida ishtirok etdi va debyut mavsumining o‘zidayoq musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

Ushbu klub a’zolari Turkmaniston milliy terma jamoasining o‘zagini tashkil etadi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan «CAFA Nations Cup – 2025» turniriga Turkmaniston «Arkadag‘»dan 16 nafar futbolchini jalb etdi.

«Andijon» esa uch karra O‘zbekiston Pro ligasi g‘olibi bo‘lgan va 2024-yilda mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan. Klubning bir nafar futbolchisi milliy terma jamoa a’zosi hisoblanadi (Erjan Tokatayev, Qirg‘iziston). «Burgutlar» o‘z tarixida ilk bor ushbu qit’a birinchiligida ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, «Andijon» va «Arkadag‘» o‘rtasidagi bahs 17-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da «Arkadag‘» stadionida start oladi. Uchrashuv «SportTv» telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshining «Nasaf» klubi Elit OChL 1-turida Saudiya Arabistonining «Al Ahli» jamoasiga mag‘lub bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek