Namanganda kambag‘al oilalar soni 2 baravardan ko‘proqqa qisqaradi — viloyat hokimi

«Kambag‘allikdan farovonlik sari» III xalqaro forumida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov yil oxirigacha kambag‘al oilalar soni ikki baravarga qisqarishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Kursiv» muxbiri.
«2020-yilda Namanganda kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil etgandi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 5,4 foizga kamayib, 52 ming oilani tashkil etmoqda. Yil oxirigacha bu sonni 25 mingga tushirishni rejalashtirganmiz.
Prezidentimiz bugungi yig‘ilishda 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30 – 50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilingani haqida gapirib o‘tdilar. Namangan viloyatida so‘nggi uch yilda 24 ming gektar yer maydonlari kambag‘al oilalarga tarqatib berildi. Buning natijasida ishsiz aholi, shu qatorda migrantlarni ham ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldik», dedi Abdurazzoqov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024-yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizga tushdi. Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 6 foizga qadar kamaytirish rejalashtirilganini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kelgusi yilda Namangandagi ikkita yirik ko‘prik ishga tushishi haqida yozgandi.