Tolibon shimolda internetni taqiqladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ushbu qaror Qunduz, Badaxshon, Bag‘lon, Taxor va Balx viloyatlarida kuchga kirdi
Tolibon shimolda internetni taqiqladi / Foto: Ochiq manbalar

Tolibon ma’muriyati shimoliy Afg‘onistonning beshta viloyatida internetdan foydalanishni taqiqladi. Rasmiy bayonotda bu choralar «axloqsizliklarning oldini olish» maqsadida amalga oshirilgani aytiladi, deya xabar bermoqda CNN.

Cheklov Qunduz, Badaxshon, Bag‘lon, Taxor va Balx viloyatlarida faqat optik tolali kabel orqali ulanadigan internetga taalluqli bo‘lib, mobil internet ishlashda davom etmoqda. Natijada ko‘plab ofislar, uy xo‘jaliklari va biznes subyektlari to‘liq internetsiz qolgan. Rasmiylar zaruriy ehtiyojlar uchun muqobil imkoniyat taqdim etilishini bildirishdi.

Foto: Ochiq manbalar

Bu Tolibon 2021-yilda hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon internetga nisbatan qo‘yilgan ilk katta taqiq hisoblanadi. Shu vaqtgacha ular qizlarning maktabda o‘qishini to‘xtatib, ayollarning ko‘plab sohalarda ishlashini cheklash, shuningdek, turli axloqiy qoidalarni joriy etish bilan tanilgan edi.

Afg‘onistondagi sobiq AQSh elchisi Zalmay Xalilzod bu qarorni keskin tanqid qilib, «agar tashvish pornografiya bo‘lsa, uni texnik vositalar orqali filtr qilish mumkin», deya izoh berdi. Uning fikricha, bu amaliyot ko‘plab islomiy mamlakatlarda keng qo‘llanadi.

Foto: Ochiq manbalar

Tolibonning ayollarga va so‘z erkinligiga qo‘ygan cheklovlari xalqaro hamjamiyat tomonidan hamon keskin tanqid qilinmoqda. Huquq himoyachilari bunday qarorlar nafaqat axborot erkinligini, balki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini ham izdan chiqarishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi asosiy davlat kinostudiyasi yopib qo‘yilgan edi.

Shuningdek