Qatarga hujum ortidan Saudiya Arabistoni Pokiston bilan mudofaa shartnomasini imzoladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida
Qatarga hujum ortidan Saudiya Arabistoni Pokiston bilan mudofaa shartnomasini imzoladi / Foto: Saudi Press Agency/Reuters

Saudiya Arabistoni va yadroviy qudratga ega Pokiston o‘zaro mudofaa paktini imzoladi. Bu kelishuv mintaqadagi keskin vaziyatlar fonida ikki davlat o‘rtasidagi o‘nlab yillik xavfsizlik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqdi, deya yozmoqda CNN.

Rasmiylarning aytishicha, bu shartnoma muayyan bir voqea yoki mamlakatga javoban emas, balki yillar davomida shakllangan strategik hamkorlikni mustahkamlash uchun tuzilgan. Hujjatga ko‘ra, bir davlatga qarshi har qanday hujum ikkinchisiga qarshi tajovuz sifatida baholanadi.

Isroilning yaqinda Qatarga qilgan hujumi, shuningdek, G‘azo urushi Fors ko‘rfazi mamlakatlarida xavfsizlik masalalarini yanada keskinlashtirdi. Saudiya esa mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Pokiston bilan aloqalarni chuqurlashtirishga intilmoqda.

Shartnoma imzolash marosimida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, Pokiston armiyasining qudratli bosh qo‘mondoni Asim Munir ham qatnashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘on Qatardagi sammitda Islom dunyosini Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan edi.

Shuningdek