
Meta Platforms ichki displeyga ega birinchi aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Yangi Ray-Ban Display modeli SI imkoniyatlarini foydalanuvchiga qulay shaklda taqdim etadi va qo‘l harakatlarini bilakband orqali boshqarish mumkin. Narxi $799 va 30-sentabrdan sotuvda bo‘ladi.

Mark Zuckerberg ko‘zoynaklarni insonlar uchun SI orqali superintellektga erishishning mukammal yo‘li deb ta’rifladi. Qurilma bildirishnomalar, matn va qo‘ng‘iroqlarga javob berish kabi vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, sportchilar uchun Oakley Vanguard ko‘zoynaklari $499 narxda taqdim etildi. Qurilma fitness platformalari bilan integratsiyalashgan bo‘lib, real vaqt statistikasi va mashg‘ulotdan keyin hisobot beradi.

Meta eski Ray-Ban liniyasini ham yangiladi: batareya quvvati ikki barobar oshirilgan va kamera sifatliroq. Shu bilan birga, kompaniya SI bo‘yicha raqobatchilardan ortda qolmaslik uchun investitsiya va malakali injenerlar olishni davom ettirmoqda.
IDC prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda dunyo bo‘ylab 14,3 mln dona aqlli ko‘zoynak yetkazib berilishi kutilmoqda. Meta o‘sishning katta qismini Ray-Ban mahsulotlariga bo‘lgan talab orqali amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta Yevroittifoqning sun’iy intellekt kodeksini imzolashdan bosh tortgani haqida xabar bergan edik.