
Futbol bo‘yicha Ispaniya milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkin. Bu haqda 20Minutos nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, rahbariyat bunga sabab qilib turnirda Isroilning ishtirokini ko‘rsatmoqda.
Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi vakili Pachi Lopesning aytishicha, agar Isroil musobaqada qatnashsa, boykot masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
«Hozircha qaysi jamaolar Jahon chempionatida ishtirok etishi bo‘yicha yakuniy ro‘yxat shakllanmagan», – dedi hukumat vakili Pilar Alegria.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sport tadbirlari real hayotdan ajralgan holda o‘tkazilishi mumkin emas.
«Inson huquqlari ommaviy buzilayotgan bir paytda jim turish mumkin emas. Shu sababli xalqaro sport federatsiyalari Isroilni musobaqalardan chetlatishi lozim», – deb ta’kidladi Alegria.
Shuningdek, Ispaniya hukumati Isroil qatnashadigan taqdirda «Yevrovideniya» musiqiy tanlovini ham boykot qilish masalasini muhokama qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qatarda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma sammitida Islom dunyosini Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirgani haqida xabar berilgandi.