O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi keskin kamaydi — UNICEF

Namanganda o‘tayotgan xalqaro forumda UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Castijio mamlakatda bolalar kambag‘alligini qisqartirish borasida erishilgan yutuqlar haqida ma’ruza qildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.
Unga ko‘ra, 2021–2024-yillar davomida bolalar kambag‘alligi darajasi 21,5 foizdan 11,4 foizgacha tushdi. Bu qisqa muddat ichida 10 foizlik kamayishni anglatadi. Castijioning ta’kidlashicha, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va pensiyalar kambag‘allikni kamaytirishda hal qiluvchi omil bo‘lgan. Agar ushbu choralar ko‘rilmaganida, bolalar kambag‘alligi darajasi sezilarli darajada oshishi mumkin edi.
UNICEF vakili, shuningdek, inson kapitali rivoji uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va bolalarni himoya qilish kabi universal xizmatlarning ahamiyatini alohida qayd etdi.
«Bolalar kambag‘alligini qisqartirish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning markazida turishi zarur», — dedi Castijio.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan forum doirasida mutaxassislar O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishdan keyin ijtimoiy holat ko‘rib chiqilishi kerakligi haqida fikr bildirgandi.