FIFA reytingi, Maryam Tillyaevaning onasi bilan aloqasi, Olmaliqda yangi texnika instituti hamda Trampning Britaniyaga tashrifi — 18-sentabr kungi muhim xabarlar dayjesti


FIFA reytingi yangilandi: O‘zbekiston bir pog‘ona yuqoriladi
18-sentabr kuni FIFA milliy jamoalarning navbatdagi reytingini taqdim etdi. Bu gal TOP – 5 likda o‘zgarish kuzatildi.
Bunga qadar ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallab kelgan Ispaniya va Fransiya bir pog‘onadan yuqoriladi. Shu tariqa «qizil furiya» 2014-yildan so‘ng ilk bor reytingda birinchi o‘rinda qayd etildi.

Yaqin qarindoshlarim ichida munosabatni butunlay uzgan yagona inson — Maryam Tillyaeva onasi haqida
O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi, bloger Maryam Tillyaeva 15-sentabr kuni Instagram’dagi savollarga javob berar ekan, onasi Lola Karimova bilan 5 yildan beri muloqot qilmayotganini ma’lum qildi.
Maryamning so‘zlariga ko‘ra, onasi yaqin qarindoshlari ichida u munosabatni butunlay uzgan yagona inson bo‘lib qolgan. U onasining o‘zini g‘alati tutishini ta’kidlab, ko‘pincha omma oldida o‘zini yaxshi ko‘rsatishga va ba’zan jabrdiyda sifatida ko‘rinishga urinishi haqida yozdi.

Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etildi
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali negizida Olmaliq davlat texnika instituti barpo etildi.
Yangi institutda hozirgi filial talabalari o‘qishni davom ettiradi. 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalari institut diplomi bilan taqdirlanadi. Shuningdek, yuqori kurs talabalari haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etilishi belgilangan.

Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun mavsumiy ish kvotalarini oshiradi
Londonda O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov va Britaniya Mehnat ta’minotchilari uyushmasi (ALP) bosh direktori David Camp bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
ALP — Britaniyaning oziq-ovqat, sanoat, logistika va mavsumiy ishlar sohalarida ishchilarni ta’minlaydigan va ularning manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot bo‘lib, 300 dan ortiq yirik kompaniyalarni birlashtiradi.

Toshkentda ayol ikki bolasini derazadan tashlab, keyin o‘z joniga qasd qildi
Toshkent shahrining Olmazor tumanida 24 yoshli ayol ikki farzandi va o‘zini ko‘p qavatli uydan tashladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Hodisa 17-sentabr kuni soat 14:18 da sodir bo‘lgan. Ayol dastlab 1 va 3 yoshli o‘g‘illarini 4-qavat yo‘lagidan pastga tashlab yuborgan, so‘ngra 8-qavatdan o‘zini tashlagan. Natijada ayol shifoxonada vafot etdi, bolalarning hayoti esa saqlab qolindi.

Meta yangi aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etdi
Meta Platforms ichki displeyga ega birinchi aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi.
Yangi Ray-Ban Display modeli SI imkoniyatlarini foydalanuvchiga qulay shaklda taqdim etadi va qo‘l harakatlarini bilakband orqali boshqarish mumkin. Narxi $799 va 30-sentabrdan sotuvda bo‘ladi.

Yevrokomissiya Isroilga moliyaviy yordamni ikki yilga to‘xtatdi
Yevrokomissiya (YK) G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy amaliyotlar fonida Isroilga ajratiladigan moliyaviy yordamni vaqtincha to‘xtatdi.
Qaror 2025 – 2027-yillar uchun mo‘ljallangan yordam hamda amaldagi ayrim hamkorlik loyihalariga taalluqlidir.

BYD Denza N9 gibrid avtomobilini taqdim etdi
BYD kompaniyasining Denza premium brendi tomonidan yangi avlod Denza N9 avtomobili rasman taqdim etildi.
17-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda avtomobil uch xil konfiguratsiyada namoyish qilindi. Narxlar 389,800 yuandan ($54,2 ming) boshlanib, 449,800 yuangacha ($62,5 ming) boradi.

Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketida rossiyaliklarga viza cheklovini kiritmoqchi
Yevrokomissiya (YI) 19-sentabr kuni Rossiyaga qarshi navbatdagi 19-sanksiyalar paketini taqdim etadi. Unda banklar, energetika sohasi va «soya floti»ga nisbatan choralar nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, AQSh bosimi ostida YI Rossiya neftining yirik xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindistonga ham bosimni kuchaytirishi kutilmoqda. Bu davlatlardagi ayrim banklar va neftni qayta ishlash zavodlari qora ro‘yxatga kiritiladi. Biroq Vashington talab qilgan bojxona bojlari kiritilmaydi.

Tramp Buyuk Britaniyaga ikkinchi davlat tashrifini amalga oshirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaga ikkinchi davlat tashrifini amalga oshirdi va qirol Charlz III hamda qirolicha Kamilla tomonidan rasmiy mehmon sifatida kutib olindi. Tramp 2019-yildagi birinchi tashrifi davomida ushbu sharafga erishgan yagona amerikalik rahbar sifatida tarixga kirdi.