Britaniyada Rossiya josusligida gumonuvchi shaxslar qo‘lga olindi

eʼlon qilindi
Politsiya ikki manzilda tintuv o‘tkazgan
Britaniyada Rossiya josusligida gumonuvchi shaxslar qo‘lga olindi / Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya politsiyasi 41 va 46 yoshli erkak hamda 35 yoshli ayolni hibsga oldi. Ular Rossiya razvedkasiga yordam berganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Metropolitan politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar Essex grafligida qo‘lga olinib, Londonga olib ketilgan. Mazkur hibs Milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni buzish va terrorizmga qarshi tergov doirasida amalga oshirildi. Politsiya ikki manzilda tintuv o‘tkazgan. Hozircha uch nafar gumondor shartli garov evaziga qo‘yib yuborildi, biroq tergov davom etmoqda.

London politsiyasi qo‘mondonligi vakili Dominik Merfi so‘nggi milliy xavfsizlik ishlari doirasida xorijiy razvedkalar tobora ko‘proq «vositachilar»dan foydalanayotganini ta’kidladi. U bu jarayonni xavfli tendensiya sifatida qayd etdi.

Merfi bunga misol sifatida Rossiyaning «Vagner» guruhi bilan bog‘liq hujumni keltirdi. Unga ko‘ra, sharqiy Londonda ukrainalik tadbirkorga tegishli omborga qilingan hujum ham vositachilar orqali amalga oshirilgan. Biroq politsiya so‘nggi hibslarning bu ish bilan bog‘liq emasligini bildirdi.

So‘nggi yillarda Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan keyin josuslik va sabotaj faoliyati bo‘yicha ayblovlar kuchaydi. Yevropaning bir qator mamlakatlari ham Moskva shunday faoliyat yuritayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Charlz Kirkning o‘ldirilishi ortidan AQShda siyosiy zo‘ravonlik kuchayayotgani haqida yozgan edik.

Shuningdek