TikTok kelishuvi AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishi mumkin

eʼlon qilindi
Juma kuni ikki davlat rahbarining telefon suhbati o‘tkazishi kutilmoqda
TikTok kelishuvi orqali AQSh va Xitoy keskinligini yumshatmoqchi / Foto: Ochiq manbalar

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin juma kuni muhim telefon suhbati o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda Reters xabar bermoqda.

Kun tartibida ikki davlat o‘rtasidagi savdo masalalari bilan birga TikTok ilovasining AQShda faoliyatini davom ettirish masalasi ham asosiy mavzuga aylangan.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, uch oy ichida ilk marta o‘tkaziladigan bu muloqot ikki davlat o‘rtasidagi keskin vaziyatni yumshatish uchun muhim sinov bo‘ladi. Reuters xabariga ko‘ra, tomonlar oktabr oxirida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo – Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammitida yuzma-yuz uchrashuv ham tashkil etishni muhokama qilmoqda.

TikTok masalasi Tramp uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. AQSh Kongressi yanvar oyigacha ilovaning amerikalik foydalanuvchilarga taqiqlanishi yoki uning AQShdagi aktivlari ByteDance’dan sotib olinishi shartligini belgilagan edi. Ammo Tramp qonunni kuchga kiritmadi. U nafaqat yangi xaridor izlayotgani, balki ilovaga qo‘yiladigan taqiq siyosiy kommunikatsiyaga zarar keltirishi va millionlab foydalanuvchilarning noroziligiga sabab bo‘lishidan xavotirda.

«Men TikTokni yaxshi ko‘raman, u meni saylovda qo‘llab-quvvatladi. TikTok ulkan qiymatga ega va hozir AQSh qo‘lida, chunki biz uni tasdiqlashimiz kerak», degan Tramp payshanba kungi matbuot anjumanida.

Kelishuv tafsilotlari hozircha noaniq. Xabar qilinishicha, AQShdagi TikTok aktivlari amerikalik egalarga o‘tkaziladi, biroq dastur hanuz ByteDance algoritmidan foydalanishi mumkin. Bu esa ayrim qonunchilarni xavotirga solmoqda. Ular Pekin amerikalik foydalanuvchilar ustidan josuslik qilishi yoki ilova orqali ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan cho‘chimoqda. Xitoy esa bunday xavf mavjud emasligini ta’kidlamoqda.

Suhbatda boshqa masalalar ham muhokama qilinishi kutilmoqda. AQSh Xitoydan ko‘proq soya mahsulotlari va Boeing samolyotlarini sotib olishni xohlamoqda. Shuningdek, AQSh Xitoydan fentanil ishlab chiqarishda qo‘llanadigan kimyoviy moddalar eksportini cheklashni talab qilmoqda. TikTok atrofidagi kelishuv esa nafaqat ilova kelajagi, balki global siyosiy muvozanat uchun ham muhim sinovga aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tramp Buyuk Britaniyaga ikkinchi davlat tashrifini amalga oshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek