Vladivostokda o‘zbekistonliklarga hujum qilgan o‘smirlardan biri qamoqqa olindi

eʼlon qilindi
Ish bo‘yicha ma’lumotni Primorye Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati berdi
Foto: Prima.media

Vladivostokda o‘zbekistonlik fuqarolarga uyushtirilgan hujum bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Primorye Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Voqea 10-sentabrga o‘tar kechasi Xabarovskaya ko‘chasida yuz bergan. Tergovga ko‘ra, spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan bir guruh o‘smirlar avval avtomobilni aerozol bo‘yoq bilan buzgan, so‘ng bir necha o‘zbekistonlik fuqaroga hujum qilgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquq-tartibot organlari ikki gumonlanuvchini tezda qo‘lga oldi. Ularning biri ilgari ham bezorilik bo‘yicha jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida tergov qilingan. Barcha figurantlar politsiya e’tiboriga tushgan shaxslar ekani qayd etildi. Uchinchi ishtirokchi esa hozircha qidiruvda.

Mazkur hodisa xalqaro rezonans uyg‘otdi. O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga diplomatik nota yubordi va jabrlanganlar hamda tergov organlari bilan doimiy aloqada ekanini ma’lum qildi. Ish hozirda maxsus nazoratga olingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat konsulxonasi Vladivostokda vatandoshlar kaltaklanganiga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi ushbu shaharda o‘zbekistonliklar kaltaklangani bo‘yicha Rossiya Tashqi ishlar vazirligining hududiy vakolatxonasiga norozilik notasi yo‘lladi. Bu haqda diplomatik vakolatxona rahbari Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.

Avvalroq internet tarmog‘ida noma’lum shaxslar tomonidan o‘zbekistonliklar kaltaklanayotgani tasvirlagan videolar tarqaldi. Lavhalardan birida hujumchilar milliy kelib chiqishi bois o‘zbekistonliklarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani qayd etilgan.

Jabrlanganlar O‘zbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilgan va ularga huquqiy yordam ko‘rsatilganini Kabuljanov ta’kidladi.

«Mazkur voqealar O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan», deyiladi konsul xabarida.

Shuningdek