TBC Bank endilikda chet el fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatadi

TBC Bank endilikda mamlakatda yashayotgan chet el fuqarolari uchun ham moliyaviy xizmatlarni amalga oshiradi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.
Endi norezidentlar bank kartalarini rasmiylashtirishi, omonat ochishi, pul o‘tkazmalari va boshqa xizmatlardan foydalanishi mumkin. Barcha jarayonlarning asosiy qismi onlayn amalga oshiriladi, ofisga borish talab etilmaydi.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, norezidentlarga mavjud mijozlar kabi qulay ilova, shaffof shartlar va tezkor ro‘yxatdan o‘tish jarayoni taqdim etiladi. Mijoz bo‘lish uchun TBC UZ ilovasini yuklab olish, pasport va O‘zbekistondagi vaqtinchalik ro‘yxatni ko‘rsatish kifoya. So‘ng bank vakili shartnomani imzolash uchun mijozga qulay joyga keladi. Hozircha bu imkoniyat faqat Toshkentda mavjud, ammo yil yakuniga qadar geografiya kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Taklif etilgan xizmatlar orasida yillik 17 – 22 foizlik omonatlar hamda bonusli Salom Card debet kartasi mavjud. Bu yechimlar norezident talabalar, mutaxassislar va tadbirkorlarning moliyaviy integratsiyasini yengillashtirishi kutilmoqda.
«Biz shunchaki yangi servisni ishga tushirmayapmiz. O‘zbekistonga o‘qish, ishlash yoki biznes qurish uchun kelganlar uchun yangi imkoniyatlar ochyapmiz. TBC Bank’ni mamlakat moliya tizimiga kirishning tabiiy nuqtasiga aylantirishni maqsad qilganmiz», dedi TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani.
Bankning yangi qadamidan oldin ham bir qator xizmatlar yo‘lga qo‘yilgandi: Osmon Card kredit kartasi, TBC Sug‘urta, TBC Business orqali KO‘B uchun onlayn kreditlash, shuningdek, to‘lov va o‘tkazmalarda Visa+ funksiyasi. Endilikda norezidentlarga xizmat ochilishi bu ekotizimni yanada to‘ldiradi.
Ma’lumot uchun, TBC Bank O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslar uchun keng qamrovli raqamli xizmatlarni taklif etuvchi yetakchi moliya muassasasi bo‘lib, xalqaro xavfsizlik standartlari va servis sifati bilan ajralib turadi.
Avvalroq «Kursiv» TBC Bank Group OLX Uzbekistan’ning nazorat paketini sotib olgani haqida yozgandi.