Namangan aeroporti xalqaro kompaniya boshqaruviga beriladi

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, Namangan aeroporti modernizatsiya tugagach, xalqaro kompaniya boshqaruviga o‘tkaziladi.
Bugungi kunda aeroportda $140 mlnlik investitsiya hisobiga yangi yo‘lovchi terminali barpo etilmoqda. U har soatda 1,2 ming nafar yo‘lovchini qabul qila oladi. Sentabr o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan aeroportida bo‘lib, yuk terminali qurilishini ko‘zdan kechirgandi.
Prezident tashrifi chog‘ida amaldagi terminal yo‘lovchi oqimini ko‘tara olmayotgani ta’kidlandi. Yangi bino yo‘lovchilarni 2,5 barobar ko‘proq qabul qila oladi. Unda biznes-zal, duty-free hududi va boshqa xizmat ko‘rsatish joylari bo‘ladi.
Bundan tashqari, mazkur terminal kuniga 50 ming tonna yukni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. U orqali 90 ta mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport yo‘lga qo‘yilib, vodiyning yagona kargo tizimi shakllanadi. Bu esa biznes, eksport va tranzit salohiyatini oshiradi.
Aeroport uchun maxsus servis texnikalari ham yangilanmoqda. Bu turli toifadagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xizmat binolari quriladi. Yangi terminal kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan.