Biz kriptovalyutalar rezerviga tayyor emasmiz — Markaziy Bank

Markaziy Bank hali o‘z zaxiralari safiga kriptovalyutalarni qo‘sha olmaydi. Bu haqda Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
«Dunyoning rivojlangan davlatlari boshqa turdagi aktivlarni faol zaxiralarga qo‘shishni boshlagan. Misol uchun — kriptovalyutalar. Biz esa bunga tayyor emasmiz. Kriptovalyuta volantlik juda yuqori bo‘lgan aktiv. Shuning uchun zaxiralarga uni qo‘shish maqsadga muvofiq emas»,— dedi Sanjar Valiyev.
U shuningdek, boshqa xorijiy davlatlarning kriptovalyuta zaxiralarini tashkil etishgacha barcha bosqichdan o‘tganliklari va yetarli darajada valyutalar jamlanganini qo‘shimcha qildi.

Markaziy Bank zaxiralari tizimiga xalqaro valyutalar, oltin, qimmatli qog‘ozlar va Xalqaro Valyuta jamg‘armasining SDR valyutasi kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda steyblkoinlar to‘lov vositasi sifatida qachon qabul qilinishi haqida xabar bergan edi.