BMT sessiyasida 10 mamlakat Falastinni rasman tan olishini e’lon qildi

22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkaziladigan konferensiyada o‘nta mamlakat Falastinni rasmiy ravishda tan oladi. Bu haqda Yelisey saroyida davlat rahbarining BMT Bosh assambleyasiga tashrifi oldidan bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Fransiya, Andorra, Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Lyuksemburg, Malta, Portugaliya va San-Marino tan olish qarorini e’lon qiladi.
Fransiya prezidenti ofisi Isroilning Iordan daryosining g‘arbiy sohilida falastinliklar yashaydigan hududlarni bosib olishga urinishlarini qat’iy qoralab, buni aniq qizil chiziq sifatida baholadi.
Makron avvalroq joriy yilning 24-iyulida, Parij Falastinni tan olish masalasini BMT sessiyasida ko‘tarishini bildirgan edi. 29-iyul kuni esa Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham London Falastinni tan olishga tayyorligini, ayniqsa, Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilsa yoki harbiy amaliyotlarni davom ettirsa, bu qaror tezlashtirilishini e’lon qilgan edi.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar Falastin BMTga a’zo 148 davlat tomonidan tan olingan. Dunyoning 95 mamlakatida uning elchixonalari va doimiy vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Daniya Falastinni tan olish borasida o‘z shartini bildirgani haqida xabar bergan edi.