Xitoy kompaniyasi Pungon — Namangan yo‘lini 246 mln dollarga rekonstruksiya qiladi

Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi Pungon shahridan Namangangacha bo‘lgan 75 kilometr avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qiladi. Loyiha qiymati $246 mln etib belgilanganini Transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘l Farg‘ona vodiysidagi eng murakkab yo‘llardan biri hisoblanadi. Ikki polosali yo‘lning torligi ba’zan tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sentabr oyi o‘rtalarida Pungon — Namangan yo‘lini ta’mirlash rejasi haqida e’lon qilgan edi. Rekonstruksiya doirasida 30 dan ortiq ko‘prik hamda 20 ta piyodalar o‘tish joyi qurilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, CITIC Construction 1960-yilda tashkil etilgan bo‘lib, qurilish, tog‘-kon sanoati va energetika sohalarida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OIIB tomonidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi yo‘llarni ta’mirlash uchun $173,4 mln mablag‘ ajratilishi haqida xabar bergan edi.