Ispaniya kompaniyasi O‘zbekistonda baliq yetishtirish klasterini tashkil etadi

Ispaniya kompaniyasi O‘zbekistonda baliq yetishtirish klasterini tashkil etadi. Bu kelishuvga O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning Feeding Systems S.L. kompaniyasi asoschisi Fransisko Vilor bilan bo‘lgan uchrashuvda kelishdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda baliqchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Fransisko Vilor mamlakatda baliqchilik, chorvachilik va parrandachilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qiziqish bildirdi. Shu bilan birga, u baliq yetishtirish, qayta ishlash, muzlatish va eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratish taklifini berdi.
Elchi Farrux Tursunov ayrim jihozlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu xarajatlarni kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va texnologiyalarni tezroq joriy etishga yordam beradi.
Tomonlar bir oy ichida yiliga 1000 tonnagacha baliq yetishtirish bo‘yicha birinchi klaster loyihasi konsepsiyasini tayyorlab, uni O‘zbekiston hududlarida taqdim etishga kelishib oldi.
Avvalroq O‘zbekistonda gulmohi balig‘ini yetishtirish ommalashtirilishi haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, davlat rahbari mutasaddilarga gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlash va bu tajribani butun respublika bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, Niderlandiya bilan hamkorlikda baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy hovuzlar qurib aholiga bo‘lib berish vazifalari belgilandi.