Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tashkil etiladi

Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) jalb etiladi hamda ular tomonidan muqobil baholash tizimi joriy qilinadi.
Shuningdek, har yili 1-aprelga qadar NNTlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari bo‘yicha takliflar va ular amalga oshirgan tadqiqotlar haqidagi ma’lumotlar Milliy kengashga taqdim etib boriladi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi nodavlat tashkiloti tashkil etiladi. Markazning asosiy vazifasi aholining, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi faolligini oshirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurilish vazirligi korrupsiya haqida gapirgan tadbirkorga nisbatan chora ko‘rilishini so‘ragan edi.