COVID haqida yozgan xitoylik jurnalist yana to‘rt yilga qamaldi

Xitoyda COVID-19 pandemiyasi haqida mustaqil xabar bergan jurnalist Chjan Chjan yana to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
42 yoshli Chjan janjal chiqarish ayblovi bilan 19-sentabrda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan oldin, u 2020-yilda ham xuddi shu ayblov bilan to‘rt yilga qamalgandi. U o‘sha paytda Uxan shahridagi haqiqiy vaziyat – kasalxonalar to‘lib ketgani va bo‘shab qolgan ko‘chalar haqida maqolalar va videolar e’lon qilgan.
«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti Chjanni qahramon deb atab, uni ozod qilishni talab etdi va xalqaro hamjamiyatni Pekinga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Chjan qamoqda ochlik e’lon qilgan, ammo politsiya uni majburan oziqlantirgan. U 2024-yil may oyida qamoqdan chiqqan bo‘lsa-da, uch oy o‘tib yana hibsga olinib, Shanxaydagi qamoqxonaga qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Chegara bilmas muxbirlar»ning matbuot erkinligi bo‘yicha indeksida hozir Xitoy 180 davlat orasida 178-o‘rinda turadi.
Avvalroq Isroilning G‘azodagi shifoxonaga hujumida besh nafar jurnalist halok bo‘lgani xabar qilingandi. Xususan, Xan Yunisdagi «Nasser» shifoxonasiga Isroil tomonidan ikki marotaba hujum uyushtirilishi oqibatida kamida 20 kishi, jumladan, xalqaro OAVda faoliyat yuritgan besh nafar jurnalist halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda BBC. Halok bo‘lgan jurnalistlar Reuters, AP, Al Jazeera va Middle East Eye nashrlari bilan ishlagan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi deyarli ikki yil davom etayotgan mojaro vaqtida kamida 242 nafar jurnalist halok bo‘lgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish OAV xodimlarining o‘limini mustaqil tergov qilishga chaqirdi hamda bolalar orasida ochlikdan o‘limlar ko‘payib borayotganiga e’tibor qaratdi.