Dengiz bo‘lgan maskan — Orol bo‘yidagi hayot

eʼlon qilindi
Orolbo‘yi aholisi yangi voqelikka ko‘nikib, hayotni yangitdan yaratmoqda
Mo‘ynoqlik maktab o‘quvchilari Orol haqida faqat darsliklar orqali biladi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Orol dengizi so‘nggi o‘n yilliklar davomida Mo‘ynoqdan 140 kmga uzoqlashdi va endilikda bu shahar dengizsiz hayot tarziga moslashishga majbur. Hozirda Mo‘ynoq o‘ziga xos tarixi bilan O‘zbekistonning boshqa kichik shaharlaridan deyarli farq qilmaydi.

Bu yerlarda dengiz bo‘lganini faqat sobiq qirg‘oqdagi zanglagan kemalar, Orolning eski xaritalari va saqlanib qolgan langar eslatadi. Orol dengizi muzeyida mehmonlarga to‘lib-toshgan dengiz hayoti, baliqchilar kundaligi aks etgan oq-qora filmlar namoyish etilmoqda.

Ammo fojeani to‘liq anglash — muzey eshigidan chiqqaningizdan keyin boshlanadi. Ko‘z oldingizda ulkan sahro paydo bo‘ladi. Bir paytlar bu yerda suv shaloplab, qayiq motorlari taraqlab, baliqchilar to‘r tortganiga ishonish qiyin. Havo baliq hidi bilan to‘lib, kema sirenalarining tovushi shahar bo‘ylab yangrardi.

Hozirda Mo‘ynoqda 15 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ular o‘tmish xotirasini saqlab qolgan holda, yangi hayotga moslashib yashamoqda.

Kursiv Uzbekistan Mo‘ynoq aholisi bilan suhbatlashib, ularning hayotiy hikoyalari, orzulari va kundalik tashvishlarini o‘rgandi.

Baliq o‘rniga artemiya: Nursulton hikoyasi

Sobiq dengiz tubida sayohat qilish uchun keng g‘ildirakli mototsikl kerak. Foto: Kursiv Uzbekistan

Nursulton O‘temisov o‘zining qo‘lbola mototsiklida Orol dengizi qirg‘oqlarini aylanib chiqmoqda. Suv — shundoqqina yonida, ammo unga yaqinlashish oson emas. Yaqinda tubi ochilib qolgan hudud hali qurib ulgurmagan — yopishqoq, botqoqqa o‘xshagan suyuqlik shaklida.

Nursulton minib yurgan mototsiklning g‘ildiraklari keng, faqat shunday transport vositasi bu botqoqlikdan o‘ta oladi. Oddiy mashina yoki mototsikl bu yerda darhol loyga botib qoladi. Qirg‘oq bo‘ylab esa u faqat etikda yuradi, mo‘rt tuproq tezda oyoqni yutib yuboradi.

Nursulton 20 yoshda, u mo‘ynoqlik. Yoz va kuz mavsumlarida u Orol bo‘yidagi o‘tovli sayyohlik lagerida ishlaydi. Hozircha lagerda 10 ta o‘tov mavjud, tez orada yana shuncha tikilishi rejalashtirilgan.

Nursulton haftaning olti kunini lagerda o‘tkazadi, bir kunni esa shahardagi uyida o‘tkazish uchun Mo‘ynoqqa qaytadi. Suhbatdoshimiz oila a’zolari bilan asosan Telegram va WhatsApp orqali muloqot qiladi.

Bu mototsiklni u do‘stlari bilan birga qo‘lda yasagan. Foto: Kursiv Uzbekistan

U ish topganidan xursand, chunki Mo‘ynoqda boshqa imkoniyat deyarli yo‘q.

«Bizga Xitoy, Janubiy Koreya, Angliya va Fransiyadan sayyohlar kelishadi. Ular ko‘pincha Orol dengizida cho‘milsa bo‘ladimi, deb so‘rashadi. Men hech kim taqiqlamayotganini aytaman, lekin ogohlantiraman — suv juda sho‘r»,— deydi Nursulton.

To‘liq pansionli o‘tovda tunash narxi 45 yevro atrofida. Kechki ovqatga baliq taqdim etiladi, biroq bu baliq Mo‘ynoqdan olib kelinadi — Orol dengizida baliq anchadan beri yo‘q. Lagerdagi elektr energiyasi generatorlar yordamida ishlab chiqariladi. Ichimlik suvi shu vaqtgacha mavjud emas edi — hozirda suv 180 metr chuqurlikdagi quduqdan olinmoqda.

Sayyohlik mavsumi tugagach, Nursulton boshqa mashg‘ulotga o‘tadi. U Orolning sho‘r suvlarida yashaydigan artemiyani (mayda qisqichbaqalar) tutadi. Artemiyalarni asosan Xitoy kompaniyalari xarid qiladi — ulardan yuqori oqsilli oziq-ovqat qo‘shimchalari tayyorlanadi. Ov qishning boshidan mart oyining oxirigacha davom etadi.

Mo‘ynoq san’atkorining qalamida — yo‘qolgan dengizning izlari

Rassom Orolni ana shunday eslaydi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Anuarbek Saimbetov — Mo‘ynoqdagi yagona rassom va haykaltarosh. U hozir 78 yoshda, deyarli butun umri endilikda yo‘q bo‘lgan dengiz bilan bog‘liq. Uning rasmlarida — Orol, u esida qanday qolgan bo‘lsa, shunday chizilgan.

«Bolaligimda dengiz hamma joyda edi. Qayoqqa qaramang — suv. Quruqlik deyarli yo‘q edi», — deya eslaydi u.

Uydan qirg‘oqqacha atigi 200 metr masofa bo‘lgan. Anuarbekning otasi baliqchi, onasi esa ro‘zg‘or ishlari bilan birga qo‘l san’atiga ham qiziqqan — so‘zana tikkan, gilam to‘qigan, uy jihozlarini bezagan. Bolalar qayiqlar va suv orasida ulg‘ayishardi: hatto do‘kon yoki kutubxonaga ham qayiqda borishardi.

Uning xotirasida ayniqsa kutubxona alohida o‘rin egallaydi. Kutubxonachi har doim bolalarni jurnallar bilan kutib olardi — ular soatlab kitob o‘qir, keyin esa shaxmat yoki shashka o‘ynashardi.

Ana o‘sha jurnallardagi rasmlar Anuarbekni ilk bor ilhomlantirgan. U sahifalarda dengiz tasvirini ko‘rgan va uni qog‘ozda qayta jonlantirishga harakat qilgan.

Bu kemada Anuarbek Saimbetov Orolga chiqardi. Foto: Temir Ismoilov

Anuarbek Saimbetov oltinchi sinfda o‘qiyotganida Mo‘ynoqqa Moskvadan bir rassom keladi. U pullik darslar o‘tkazar, yosh Anuarbek esa uning shogirdiga aylanadi.

Maktabni tugatgach, Anuarbek oldida tanlov turardi — universitet yoki dengiz. U dengizni tanladi. Kema haydovchilari kursini tamomlab, har qanday kemada ishlashga ruxsat beruvchi sertifikatga ega bo‘ldi.

Anuarbek Selinogradda (hozirgi Ostona) xizmat qilgan — u yerda haydovchi bo‘lib, g‘alla tashigan. Ammo armiyada ham rasm daftaridan ayrilmagan. Bir kuni chizgan rasmlarini komandir ko‘rib qoladi — va shofyor qismning bezakchi rassomiga aylanadi.

Uyga qaytgach, dengiz ketib qolganini ko‘rdi. Kema haydovchisi kasbi keraksiz bo‘lib qoldi. Shunda u uzil-kesil san’atni tanladi, Orol xotirasi asosiy ilhom manbai bo‘lib qoldi.

Bugun Anuarbek farzandlari va nabiralari uchun yo‘qolgan dengizni xotirada saqlab qolish maqsadida rasm chizadi. Har bir asarida — yo‘qotilgan Orol uchun sog‘inch va uning yana qaytishiga bo‘lgan umid aks etgan.

Rassomning ustaxonasida aksariyat rasmlar Orolga bag‘ishlangan. Foto: Kursiv Uzbekistan
Foto: Kursiv Uzbekistan

Anuarbekni mashhur rassomlar — Ayvazovskiy va Bogolyubov ilhomlantiradi. «To‘qqizinchi to‘lqin» Orolda bo‘lgan bo‘ronni, «Baliqchilar kemasi gavaniga kirish» esa Mo‘ynoqdan dengizga chiqqan kemalarni eslatadi.

Mo‘ynoqlik o‘rmonchi Orol tubini qanday ko‘kalamzorlashtirmoqda

Orol tubiga daraxt ekish Alisherning hayot yo‘liga aylandi. Foto: shaxsiy arxivdan

Alisher Bekmuratov 38 yoshda, asli mo‘ynoqlik. Bolaligi Orolqum qumlari orasida o‘tgan: do‘stlari bilan yalangoyoq yugurgan, saksovul va jing‘il butalari ortiga yashirinib, bekinmachoq o‘ynagan.

«O‘sha paytda faqat saksovul va jing‘il bor edi, boshqa o‘simliklar deyarli yo‘q. Shamol chang va qumni ko‘tarib, ba’zan butun ovulni qoplab olardi. Keyinchalik olimlar cho‘lda o‘rmon barpo etish orqali aholini himoya qilish mumkinligini tushunishdi», — deya eslaydi Alisher.

Maktabni tugatgach, u bolalik orzusini amalga oshirishga qaror qildi — o‘rmonchi bo‘lish va Orol tubini ko‘kalamzorlashtirishda ishtirok etish. Sinfdoshlarining aksariyati boshqa shaharlarga yoki xorijga ketgan bir vaqtda, Alisher Nukusga borib, O‘rmon xo‘jaligi fakultetida tahsil oldi. 2006-yilda Mo‘ynoqqa qaytib, o‘z kasbi bo‘yicha ish boshladi.

Ko‘chatzorda cho‘l muhitiga chidamli ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Foto: shaxsiy arxivdan

Alisherning ish kuni ko‘chatzorda boshlanadi — bu yerda Orol tubini yashil maskanga aylantirish uchun kelajakdagi o‘rmon ko‘chatlari yetishtiriladi.

Orol tubini ko‘kalamzorlashtirishda aviatsiyadan ham foydalanilmoqda. Foto: shaxsiy arxivdan

Bu yerda cho‘l sharoitiga mos daraxt va butalar — terak, qayrag‘och, archa, tol, saksovul, qandim, juzg‘un va boshqalar yetishtiriladi. Ular qum harakatini sekinlashtiradi, havoni tozalaydi va odamlarni chang bo‘ronlaridan himoya qiladi.

Daraxt ekish qish oylarida ham to‘xtatilmaydi. Foto: shaxsiy arxivdan

«So‘nggi besh yil ichida 1,9 mln gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirildi, 1 mln gektardan ortiq maydon o‘rmon bilan qoplandi. Bu ishga o‘z hissamni qo‘sha olganimdan xursandman»,— deydi o‘rmonchi.

Sahro yerlarini qaytarish jarayoni sekin kechmoqda va ko‘p mehnat talab qiladi. Ammo dastlabki natijalar ko‘zga tashlanmoqda: yer ostidan artezian suvlari chiqib, qamish o‘sishni boshladi. Shu bilan birga, qushlar va yovvoyi hayvonlar — quyonlar, to‘ng‘izlar, sayg‘oqlar, bo‘rilar va chiyabo‘rilar ham qaytmoqda.

Ekish ishlariga yoshlar faol jalb etilmoqda. Har yili kuzda – oktabr va noyabr oylarida Nukus, Mo‘ynoq va boshqa tumanlardan talabalar va maktab o‘quvchilari Orol tubiga daraxt ekish uchun boradilar.

«Shafqatsiz sahro darhol taslim bo‘lmaydi. Hali ko‘p mehnat qilishimiz kerak, ammo yangi ko‘kalamzorlashtirish texnologiyalari umid baxsh etmoqda. Orol tubi tez orada yashil rangga burkanadi, deb ishonaman»,— deydi Alisher.

Mo‘ynoqda ilk mehmonxona ochgan ayol hikoyasi

Kichik aviatsiya Mo‘ynoqqa boradigan yo‘lni bir necha bor qisqartiradi. Foto: Temir Ismoilov

Nukusdan Mo‘ynoqqa kichik samolyotda parvoz atigi 30 daqiqa davom etadi. Bu buzilgan trassa bo‘ylab 2,5—3 soat yurishga nisbatan ancha tez. Illyuminatordan yo‘lovchilar tanish qishloqlar va saksovul o‘rmonlarini ko‘rib, sayohatdan zavqlanishadi. Hozircha reyslar kam, ammo ular chekka hududlarga borishni sezilarli darajada osonlashtirdi.

Dilfuza Qutlimuratova uchun Mo‘ynoq endi nafaqat uy, balki ish joyiga ham aylandi. 2016-yilda ta’lim tizimidagi qisqartirishlardan so‘ng, u turizm bilan shug‘ullanishga qaror qildi va Qoraqalpog‘iston poytaxtidan yangi imkoniyatlar endigina paydo bo‘layotgan shaharga ko‘chib o‘tdi.

Dilfuza tadbirkor Amina Begjanova bilan hamkorlikda 1934-yilda qurilgan eski binoni ijaraga olib, o‘z hisobidan ta’mirlagan. Aminaning turizm va mehmonxona biznesidagi tajribasi ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda katta yordam berdi. Natijada shaharda birinchi 25 o‘rinli mehmonxona ishga tushdi.

«Biz noldan boshladik: ta’mirladik, obodonlashtirdik. Asta-sekin birinchi mehmonlar kela boshladi»,— deydi Dilfuza.

Endi Mo‘ynoqqa butun O‘zbekistondan sayyohlar tashrif buyurmoqda. Foto: Temir Ismoilov

Bugungi kunda Mo‘ynoq O‘zbekistonning turli hududlaridan sayyohlar tashrif buyuradigan manzillardan biriga aylanmoqda.

«Bizga folklor guruhlari, food-blogerlar kelishyapti. Ilgari faqat muzey va «kemalar qabristoni»ni ko‘rsatishardi. Endi esa sayyohlarga ancha keng dastur taklif qilinmoqda — musiqa festivallari, ekskursiyalar va o‘nlab baliq taomlari»,deydi u.

Uning ta’kidlashicha, ko‘plab sayyohlarni Orol fojeasi hayratga solmoqda: ularning bir qismi bu ekologik halokat haqida deyarli hech narsa bilmaydi.

Nukus – Mo‘ynoq avtomobil yo‘li orqali Mo‘ynoqqa kirish. Foto: Kursiv Uzbekistan

Bugungi kunda Mo‘ynoqqa yetib borish eng katta muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Nukus – Mo‘ynoq avtomobil yo‘li juda eskirgan, undan faqat yengil avtomobillar yurishi mumkin. Avtobuslar harakatlanmaydi. Mo‘ynoqdan sobiq Orol dengizi sohiligacha bo‘lgan 140 km yo‘l ham xavfsiz emas.

«Turizm rivojlanishi uchun yangi aviaqatnovlar sonini oshirish va yaxshi yo‘llar zarur. Shundagina Mo‘ynoq chinakamiga qulay sayohat manziliga aylanishi mumkin», — deydi Dilfuza.

Orolbo‘yi bugungi kunda: oqibatlar va yangi loyihalar

Orol o‘rnidagi cho‘l tuyalarning tabiiy yashash muhitiga aylangan. Foto: Temir Ismoilov

1960-yillargacha Orol dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l edi. Uning maydoni 69 ming. kv. km. bo‘lib, Amudaryo va Sirdaryo suvlari hisobiga to‘yinardi.

Dengiz baliqchilik va kemachilik bilan shug‘ullanadigan o‘n minglab odamlar uchun tirikchilik manbai edi.

Biroq XX asrning o‘rtalarida, qishloq xo‘jaligi maydonlarini sug‘orish uchun daryolardan katta hajmda suv olish boshlanganidan so‘ng, Orol tezda sayozlasha boshladi. 1989-yilga kelib u Shimoliy va Janubiy qismlarga ajraldi.

2014-yilga kelib Orolning maydoni dastlabki hajmiga nisbatan 10 foizgacha qisqardi, suv havzasi o‘rnida 6,2 mln gektardan ortiq (O‘zbekistonda 3,4 mln va Qozog‘istonda 2,8 mln gektar) maydonni egallagan Orolqum cho‘li paydo bo‘ldi.

Orolning koinotdan ko‘rinishi. Foto: petapixel.com

Bu falokat baliqchilik sanoati va portlarning vayron bo‘lishiga olib keldi, minglab odamlar ishsiz qoldi. Eng katta xavf esa qurigan tubdan havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang bo‘ronlari bo‘lib, ular zaharli zarrachalarni yuzlab kilometrga tarqatib, atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

«Orol hodisasi — tabiiy resurslarga qanday munosabatda bo‘lmaslik kerakligi borasida jiddiy saboq bo‘lishi lozim», deydi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining O‘zbekistondagi loyihalarini amalga oshirish agentligi rahbari Vadim Sokolov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tiklanish ishlari qiyin kechmoqda. 2 million gektardan ortiq maydon o‘rmon-texnika ishlari bilan qamrab olingan bo‘lsa-da, amalda atigi 600-700 ming gektar yer o‘zlashtirilgan.

Mintaqaning rivojlanishi faqat ko‘kalamzorlashtirish bilan cheklanmaydi. Ustyurtda polietilen ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi, bu esa suvni tejash, shu jumladan tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ularni import qilinadigan tizimlardan ikki baravar arzon qilish imkonini berdi.

Qurigan dengiz tubida «Orol-1» gaz-kondensat konini o‘zlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.

Orolbo‘yida tabiiy gazning katta zaxiralari topilgan. Foto: Temir Ismoilov

Turizm Orolbo‘yida istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Orol dengizining noyob manzaralari va boy tarixi nafaqat O‘zbekistonning turli hududlaridan, balki xorijdan ham sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Bundan tashqari, mintaqada an’anaviy faoliyat turlari ham rivojlanmoqda. Jumladan, oqsil qo‘shimchalari ishlab chiqarishda foydalaniladigan artemiyaqazib olish, shuningdek, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llaniladigan qizilmiya tayyorlash ishlari kengaymoqda.

Bu kabi loyihalar Orolbo‘yi hududining iqtisodiy tiklanishiga turtki bermoqda. Eng muhimi, bu yerda yashovchi aholiga yangi ish o‘rinlari yaratilib, bir vaqtlar dengiz bilan tirik bo‘lgan yurtdan odamlar ko‘chib ketmay, aksincha, u yerda yashash va qolishga umid uyg‘onmoqda.

Shuningdek