Toshkent aylanma yo‘lidagi chorraha vaqtincha yopildi

Toshkent aylanma yo‘lidagi chorraha yo‘l inshootlari qurilishi sabab vaqtincha yopildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrini Toshkent viloyatining bir nechta tumanlari bilan bog‘laydigan D-021 Toshkent aylanma yo‘li va D-002 Toshkent–Nurafshon avtomobil yo‘llari kesishgan chorrahada yangi yo‘l inshootlari qurilmoqda. Shu sababli mazkur chorrahada transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Vazirlik haydovchilardan ushbu holatni inobatga olib, yaqin atrofdagi boshqa avtomobil yo‘llaridan foydalanishni tavsiya etdi.
Bundan oldin Toshkentdagi uchta avtobus yo‘nalishi o‘zining avvalgi marshrutlari bo‘yicha qatnovni tiklagandi. Unga ko‘ra, 42 (Chorsu – Kensoy posyolkasi), 43 (Yunusobod, 6-kvartal – Ftiziatriya instituti) va 109 (Chorsu metro bekati – Chuqursoy temiryo‘l stansiyasi) yo‘nalishlari oldingi yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi. Bu o‘zgarish Qorasaroy ko‘chasida, Zarqaynar va Nurafshon aylanma ko‘chalari oralig‘idagi (Hazrati Imom majmuasi hududi) rekonstruksiya ishlari yakunlangani sababli amalga oshirildi.