Toshkent xalqaro aeroportida noqonuniy 9 dona iPhone 17 olib kirishga urinish fosh etildi

Toshkent xalqaro aeroportida noqonuniy 9 dona iPhone 17 olib kirishga urinish fosh etildi. Bu haqda «Toshkent-AERO» Ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar bermoqda.
Kompleksi xodimlari tomonidan poytaxt aeroportida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida mamlakat hududiga belgilangan me’yorlardan ortiqcha tovarlarni noqonuniy olib kirishga urinish holati aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Doha — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi bojxona nazorati zonasining «yashil» yo‘lagidan o‘tmoqchi bo‘lgan. Uning bagajlari ko‘zdan kechirilganda, bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va nazorat organlariga taqdim etilmagan, dastlabki qiymati 230 million so‘m bo‘lgan 9 dona iPhone 17 telefoni borligi fosh etilgan.
Aniqlangan telefonlar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Holat yuzasidan fuqaro haqida protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi taqdim etilgan iPhone Air sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.