GEAPP rivojlanayotgan davlatlarda yashil energiyaga $7,5 milliard yo‘naltirmoqchi

Global Energy Alliance for People and Planet (GEAPP) keyingi besh yilda $7,5 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Boy davlatlardan yordam kamayayotgani sababli yangi hamkorlar qidirilmoqda, deya yozmoqda Reuters.
GEAPP 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 30 dan ortiq davlatlarda elektr tarmoqlari, batareya tizimlari va yashil iqtisodiyotda ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashmoqda. Alyans IKEA Foundation, The Rockefeller Foundation va Bezos Earth Fund tomonidan asos solingan.
Alyans rahbari Vuchong Um BMT Bosh Assambleyasi va «Iqlim haftaligi» doirasida yangi hamkorlarni izlamoqda. Noyabrda Braziliyada o‘tadigan iqlim konferensiyasida rivojlanayotgan davlatlarni yashil energiyaga o‘tkazish moliyalashtirish asosiy mavzu bo‘ladi.
GEAPP dastlabki besh yilda $7,8 mlrd jalb qilib, 240 mln kishini elektr bilan ta’minladi hamda karbon chiqindilarini 952 mln tonnaga qisqartirdi. Endi alyans 2026 – 2030-yillarda kamida $500 mln xayriya mablag‘i yig‘ib, uni 15 barobar ko‘paytirib, $7,5 mlrdlik investitsiya safarbar etishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston energetika bo‘yicha hamkorlik qilishi haqida xabar berilgan edi.